AQShda yirik oʻrmon yongʻini: 40 ming kishi uyini tark etdi
AQShning Nevada shtatida tez tarqalayotgan tabiiy yongʻin tufayli 40 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, yana 45 ming kishiga evakuatsiyaga tayyor turish boʻyicha koʻrsatma berildi. Hawk nomi berilgan yongʻin bir sutka ichida 6 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan va Rino shahridan 8 kilometr masofagacha yaqinlashgan. Hodisa oqibatida olti kishi, jumladan uch nafar oʻt oʻchiruvchi jabrlangan.

AQShda ulkan oʻrmon yongʻini tufayli 40 ming kishi uylarini tashlab ketdi.
AQShning Nevada shtati gʻarbida, Kaliforniya bilan chegaraga yaqin hududda katta tabiiy yongʻin avj olmoqda. Rino shahri meri Hillari Shivning CNN telekanaliga maʼlum qilishicha, tez tarqalayotgan yongʻin sababli 40 mingdan ortiq kishi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan. Yana 45 ming nafar aholiga ehtimoliy evakuatsiyaga tayyor turish boʻyicha koʻrsatma berilgan.
"Hawk" deb nomlangan yongʻin 22-avgust kuni boshlangan. Bir sutka oʻtib, olov qamrab olgan maydon 6 ming gektardan oshgan. Yongʻin Rino shahridan taxminan 8 kilometr masofada tarqalmoqda. Kaliforniya chegarasi yaqinida joylashgan Rino shahrida 280 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu Las-Vegas aglomeratsiyasidan tashqaridagi Nevadaning eng yirik shahri hisoblanadi.
OAV maʼlumotlariga koʻra, yongʻin oqibatida kamida olti kishi jabrlangan, ular orasida uch nafar oʻt oʻchiruvchi ham bor. Shuningdek, bir nechta turar joy binosi yonib ketgani xabar qilinmoqda.
Nevada gubernatori Jo Lombardo Rino maʼmuriy markazi hisoblangan Uosho okrugida favqulodda holat eʼlon qildi. Uning taʼkidlashicha, olov tez surʼatlarda tarqalmoqda va turar joylarga ham xavf solyapti. Vaziyat sabab Uosho okrugidagi maktablarda 24-avgust kuni darslar bekor qilingan.
Favqulodda xizmatlar dastlabki maʼlumotlarga tayanib, yongʻin kelib chiqishiga inson faoliyati sabab boʻlganini bildirgan. Biroq hozircha bu boʻyicha qoʻshimcha tafsilotlar ochiqlanmagan. Yongʻin sabablarini aniqlash boʻyicha surishtiruv davom etmoqda.
Oʻt oʻchirish xizmati maʼlumotiga koʻra, hududdagi issiq va quruq ob-havo hamda kuchli shamol olovning tez tarqalishiga sharoit yaratmoqda. Asosan quruq oʻtlar va butalar yonmoqda.

