AQSHda afg‘onistonlik muhojirlarni deportatsiya qilish vaqtincha bloklandi
Federal sud Tramp ma’muriyatining afg‘onistonliklarni Pokiston orqali majburiy vatanga qaytarish rejasini muzlatib qo‘ydi. Kongress a’zolari hamda huquqshunoslar bu muhojirlar vatanida qiynoq va o‘lim xavfiga ro‘baro‘ kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

AQSHda afg‘onistonlik muhojirlarni deportatsiya qilish vaqtincha to‘xtatildi
AQSH federal sudyasi Valeri Kaproni Tramp ma’muriyatining afg‘onistonlik muhojirlarni Afg‘oniston yoki Pokistonga deportatsiya qilish rejasini vaqtincha muzlatib qo‘ydi. Bu qaror huquq himoyachilari hamda Kongress a’zolarining xavotirlaridan keyin qabul qilindi.
AQSH Qonunchilik palatasi va Senatining 66 nafar a’zosi davlat kotibi Marko Rubio hamda ichki xavfsizlik kotibi Markueyn Mullinga maktub yubordi. Unda zaif qatlamdagi insonlarni ortga qaytarish ularni ta’qib, qiynoq va hatto o‘lim xavfiga duchor qilishi qayd etilgan.
Qo‘shma Shtatlar ko‘pincha rasmiy diplomatik aloqalari bo‘lmagan davlatlarga muhojirlarni uchinchi mamlakatlar orqali jo‘natadi. Ushbu holatda ham rasmiylar taxminan 150 nafar afg‘onistonlikni Luiziana shtatidan Pokiston orqali vataniga deportatsiya qilishni rejalashtirgan edi.
Deportatsiya qilinishi kutilayotganlar orasida ayollar, sobiq politsiya xodimlari, diniy ozchilik vakillari va AQSH harbiylariga yordam bergan shaxslarning oilalari bor. Ularning aksariyati vatanidan ta’qiblar sabab qochgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar asossiz qamoq, qatl va kaltaklanish xavfi ostida qolishini bildirmoqda. Ayniqsa, ayollar va qizlar ta’lim, ish hamda so‘z erkinligidan mahrum etilgan og‘ir sharoitda yashashga majbur bo‘ladi.
Vashington qaroridan oldin Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi ham AQSHning afg‘onistonliklarni Pokistonga topshirish rejasidan xavotir bildirgan edi. Vazirlik barcha qarorlar inson huquqlariga asoslanishi shartligini ta’kidlagan.
Inson huquqlari tashkilotlari esa AQSH va Pokiston o‘rtasidagi ushbu kelishuv tafsilotlari oshkor etilmaganidan xavotirda. Huquqshunoslarning aytishicha, sud qarori muammoni to‘liq hal qilmagan, balki jarayonni vaqtincha to‘xtatib turibdi, xolos.

