AQSH sudi Kubaning sobiq yetakchisi Raul Kastroni hibsga olish uchun order berdi
AQSH sudi Kubaning sobiq yetakchisi Raul Kastroni 1996-yilda Florida boʻgʻozi ustida ikki samolyotning urib tushirilishi ishi boʻyicha hibsga olishga order berdi. Hodisa oqibatida toʻrt kishi halok boʻlgan.

AQSH sudi Kubaning sobiq rahbari Raul Kastroni hibsga olish uchun order chiqardi
Sudya Ariana Faxardo Orshan 1996-yilda insonparvarlik yordami yuklangan ikkita samolyotning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq ish doirasida Kubaning sobiq yetakchisi Raul Kastroni hibsga olish haqidagi orderni imzoladi.
«Qutqaruvchi birodarlar» notijorat tashkilotiga qarashli ikkita yengil motorli Cessna 337 samolyoti 1996-yil fevralida Florida boʻgʻozi ustida Kuba Harbiy-havo kuchlari tomonidan urib tushirilgan edi. Ular AQShga yetib olishga urinayotgan kubalik qochqinlarni qidirish va qutqarish operatsiyasida qatnashgan. Hodisa natijasida toʻrt kishi — uch nafar AQSH fuqarosi va AQShda doimiy yashash guvohnomasiga ega boʻlgan bir nafar Kuba fuqarosi halok boʻldi.
AQSH talqiniga koʻra, samolyotlar xalqaro suvlar ustida urib tushirilgan. Kuba vakillari esa ular mamlakat havo hududini buzib kirganini bildirgan.
Shu yilning 20-may kuni AQShda hodisa paytida mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Raul Kastro va yana besh nafar shaxsga toʻrtta qotillik, ikkita havo kemasini yoʻq qilish hamda AQSH fuqarolarini oʻldirish maqsadida til biriktirish bo‘yicha rasmiy ayblov qoʻyildi.
AQSH uchun ushbu orderning amaliy ahamiyati Raul Kastroni ekstraditsiya qilishni talab etish va uni Floridadagi federal sudga olib kelish uchun protsessual asos yaratishdan iborat. AQSH bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blanshning aytishicha, rasmiylar uni mamlakatga keltirish choralarini koʻradi va uning sudga «yo ixtiyoriy ravishda, yo boshqa yoʻl bilan» kelishini kutmoqda.
Kuba hukumati esa AQSH ayblovlarini «pastkash va sharmandali siyosiy provokatsiya» deb atab, Qoʻshma Shtatlar bunday ayblovlarni ilgari surish uchun na qonuniy asosga, na yurisdiksiyaga ega ekanini maʼlum qildi.

