AQSh Raul Kastroning nabirasiga qarshi sanktsiyalar joriy etdi

AQSh Raul Kastroning nabirasiga qarshi sanktsiyalar joriy etdi
Amerika Qoʻshma Shtatlari Kuba sobiq prezidenti Raul Kastroning nabirasi Fidel Ernesto Kastro Kalisga nisbatan yangi sanktsiyalar eʼlon qildi. Cheklovlar ostiga, shuningdek, Kuba rasmiylari bilan bogʻliq beshta tashkilot ham tushdi.
Sanktsiyalar roʻyxatiga 31 yoshli Kastro Kalis kiritildi. Amerika tomonining taʼkidlashicha, bunga uning allaqachon sanktsiyalar ostida boʻlgan Raul Kastroning oʻgʻli — Alexandro Kastro Espin oilasining voyaga yetgan aʼzosi ekanligi asos boʻlgan. Shu bilan birga, OAV xabarlariga koʻra, Kastro Kalisning oʻzi siyosiy lavozimlarni egallamaydi.
Cheklovlar davlatga tegishli Banco Exterior de Cuba, nikel va kobalt qazib olish bilan bogʻliq ikkita kompaniya, shuningdek, energetika sektorining ikkita tuzilmasi, jumladan, neft tarmogʻi uchun uskunalar yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi Empresa Importadora de Abastecimiento para el Petroleo (Abapet) kompaniyasiga ham daxl qildi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio yangi choralar Kuba rasmiylarini qoʻllab-quvvatlovchi moliyaviy va resurs tuzilmalariga qarshi qaratilganini maʼlum qildi. Sanktsiyalar cheklovlar ostiga tushgan shaxslar va tashkilotlarning AQSh yurisdiktsiyasidagi aktivlarini muzlatishni, shuningdek, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga ular bilan operatsiyalar oʻtkazishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Yangi cheklovlar Donald Tramp maʼmuriyatining Kubaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish borasidagi navbatdagi qadami boʻldi. Bundan avval Vashington Kastro oilasi aʼzolari va Kuba rasmiylarining boshqa vakillariga qarshi sanktsiyalar joriy etgan edi.
Avvalroq AQSh Suriyani 1979 yildan beri ushbu mamlakat kiritilgan boʻlgan terrorizm homiysi boʻlgan davlatlar roʻyxatidan chiqargan edi. Ushbu qaror Damashq uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv imkoniyatlarini ochadi, biroq AQShning ayrim shaxslar va tashkilotlarga qarshi bir qator sanktsiyalari saqlanib qolmoqda.

