Dunyo

AQSh sanktsiyalaridan soʻng Ruanda armiyasi jamoasi Afrika ligasidan chetlatildi, deydi NBA

AQSh DR Kongodagi nizoda tutgan oʻrni sababli Ruanda armiyasiga qarshi sanktsiyalar joriy etdi.

Ruanda armiyasi jamoasi AQSh sanktsiyalaridan soʻng Afrika ligasidan chetlatildi, deydi NBA

Ruanda armiyasining APR jamoasi oʻtgan yili Basketbol boʻyicha Afrika ligasida uchinchi oʻrinni egallagan edi

Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) Ruanda armiyasi jamoasini mart oyida mamlakatga qarshi joriy etilgan AQSh sanktsiyalari sababli Afrika ligasidan chiqarib tashlaganini maʼlum qildi.

NBA avvalroq Ruanda armiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan «Armée Patriotique Rwandaise» (APR) klubi 2026 yilgi Basketbol boʻyicha Afrika ligasida (BAL) ishtirok etmasligini bildirgan edi.

Ammo bu NBA’ning APR nima uchun chetlatilganiga birinchi marta izoh berishidir.

Assotsiatsiya AQShning ikki senatori tomonidan yuborilgan va Ruanda jamoasi bilan hamkorlikni qayta koʻrib chiqishni soʻrab yozilgan shikoyat xatiga javob qaytardi. Mart oyida AQSh Ruanda armiyasini Kongo Demokratik Respublikasidagi nizoni avj oldirishda ayblab, unga qarshi sanktsiyalar kiritgan edi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, NBA «inson huquqlarini tizimli ravishda buzayotgan Ruanda hukumatidan pul qabul qilish orqali sport vositasida niqoblanishga (sportswashing) sherik boʻlib qolish xavfi ostida turibdi».

Oʻtgan haftada AQSh KDR sharqining katta qismini oʻz nazoratiga olgan M23 isyonchi guruhini qoʻllab-quvvatlagani uchun Ruanda Mudofaa vazirligiga qarshi ham sanktsiyalar joriy etdi. Ruanda rad etib boʻlmaydigan dalillarga qaramay, isyonchilarni qoʻllab-quvvatlayotganini inkor etmoqda.

Ruanda BAL’ning rasmiy hamkori hisoblanadi va liga final oʻyinlarini poytaxt Kigalidagi 10 000 oʻrinli «BK Arena»da oʻtkazish uchun pul toʻlaydi.

NBA’ga yuborilgan 23 oktyabrdagi xatda demokrat senator Jeffri Merkli va uning respublikachi hamkasbi Marsha Blekbern assotsiatsiyaga Ruanda bilan davom etayotgan hamkorligi boʻyicha 2 noyabrgacha yozma javob berish muhlatini qoʻygan edi.

«Inson huquqlarini buzayotgan xorijiy hukumatlardan pul qabul qilishda NBA uchun soʻnggi cheklov qayerda?» — deb soʻrashgan senatorlar.

Boshqa savollar qatorida ular assotsiatsiya «Ruanda bilan davom etayotgan hamkorligini oʻzining adolatga goʻyoki sodiqligi bilan qanday uygʻunlashtira olishi mumkinligini» ham soʻrashgan.

Amerikaning ESPN sport veb-sayti xabariga koʻra, NBA komissari oʻrinbosari Mark Tatum oʻz javobida Ruanda jamoasi yil boshida joriy etilgan sanktsiyalardan soʻng BAL’dan «chiqarib olinganini» aytgan.

BAL — NBA va basketbol boʻyicha jahon boshqaruv organi Fiba tomonidan tashkil etilgan va birgalikda oʻtkaziladigan umumafrika basketbol ligasidir.

NBA’ning bildirishicha, AQSh sanktsiyalari amalda boʻlib turgan vaqtda APR basketbol klubi musobaqalardan chetlatilgan holda qoladi.

APR Ruandaning yetakchi basketbol jamoalaridan biri boʻlib, mamlakat sharafini 2024 va 2025 yilgi Afrika ligasida himoya qilgan va soʻnggisida uchinchi oʻrinni egallagan. Bu yil uning oʻrnini «RSSB Tigers» egalladi.

2021 yildagi birinchi oʻyindan beri Ruanda liganing bittasidan tashqari barcha final va pley-off oʻyinlariga mezbonlik qilgan.

Xabarlarga koʻra, NBA marketing va hamkorlik huquqlari uchun ushbu mamlakatdan har yili millionlab dollar oladi.

KDR Ruandaning nufuzli xalkaro sport bitimlarini, jumladan NBA, Yevropa futbol klublari va Formula 1 bilan tuzilgan shartnomalarini qayta-qayta tanqid qilib keladi va ularni ushbu kampaniyalarni toʻxtatishga chaqirdi.

Uning taʼkidlashicha, bu bitimlar KDR sharqida nizo davom etayotgan bir paytda Ruandaga oʻzining global obroʻsini yaxshilashiga yordam beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.