AQSh DR Kongodagi nizo sababli Ruanda mudofaa vazirligiga qarshi sanktsiyalar kiritdi
Kongo Ruandani M23 isyonchilarini qoʻllab-quvvatlashda va oʻzining nizolardan aziyat chekayotgan Sharqidagi minerallarni talon-toroj qilishda ayblamoqda

AKSh KDRdagi nizo sababli Ruanda mudofaa vazirligiga qarshi sanktsiyalar kiritdi
Sharqiy KDR nizo girdobida qolmoqda, M23 2025 yilning yanvarida Goma va Bukavuni qayta egallab oldi
Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) sharqidagi M23 isyonchilar guruhini qoʻllab-quvvatlayotgani aytilayotgani sababli Ruanda mudofaa vazirligiga qarshi sanktsiyalar joriy etdi va Kigaliga oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketish hamda isyonchilarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatish boʻyicha bosimni kuchaytirdi.
«Ruanda M23'ni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatishi va oʻz qoʻshinlarini KDR sharqidan olib chiqib ketishi kerak», dedi AQSh Moliya vaziri Skott Bessent.
Sanktsiyalar Ruanda va KDR nizoga chek qoʻyishga qaratilgan hamda AQSh vositachiligida tuzilgan tinchlik bitimini imzolaganidan bir necha oy oʻtib eʼlon qilindi.
KDR sharqida harbiy harakatlar 2025 yilning yanvar oyidan beri davom etmoqda, oʻshanda M23 Goma va Bukavu shaharlarini egallab olgan edi. Ruanda M23'ni qoʻllab-quvvatlashini rad etadi.
AQSh Moliya vazirligining bildirishicha, Ruanda mudofaa vazirligi KDR sharqida M23 bilan birgalikda jang qilish uchun minglab harbiylarni yuborgan hamda ularni qurol-yarogʻ, texnika, logistika va oʻquv mashgʻulotlari bilan taʼminlagan.
M23 Shimoliy va Janubiy Kivuning foydali qazilmalarga boy hududlarini, jumladan Janubiy Kivudagi oltin qazib olinadigan hududlarni va koltan ishlab chiqaruvchi asosiy hudud boʻlmish Rubayani oʻz nazoratiga oldi. Vashingtonning taʼkidlashicha, isyonchilar nazoratidagi hududlardan olingan maʼdanlar Ruandaning taʼminot zanjirlariga kirib bormoqda va Ruanda oʻzi ishlab chiqargandan koʻra koʻproq maʼdan eksport qilmoqda.
Sanktsiyalar 2025 yilning dekabrida AQSh vositachiligida Kongo va Ruanda prezidentlari tomonidan imzolangan Vashington kelishuvlarini mustahkamlashga qaratilgan. Kelishuv nizoga chek qoʻyish hamda mintaqaviy savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun ishlab chiqilgan edi, ammo harbiy harakatlar davom etmoqda.
24 oktyabr kuni, sanktsiyalar eʼlon qilinishidan oldin, KDR Prezidenti Feliks Chisekedi xalqaro hamjamiyatni Ruandaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
«Biz xalqaro hamjamiyatdan Ruandaga qarshi aniq sanktsiyalar joriy etishini va bosimni oshirishini qatʼiy talab qilishimiz kerak, toki mamlakatimizda nihoyat barqaror tinchlikni taʼminlay olaylik», dedi u.
Reuters agentligiga berilgan bayonotda KDR Tashqi ishlar vazirligi sanktsiyalarni olqishladi va Ruandani Vashington kelishuvlari boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga, BMT Ustavini hurmat qilishga va oʻz qoʻshinlarini Kongo hududidan olib chiqib ketishga chaqirdi.
«Vashington kelishuvlari Ruanda xavfsizligiga oid aniq majburiyatlarni, xususan, KDR tomonidan homiylik qilinadigan FDLR genotsid qurolli toʻdasini zararsizlantirishni oʻz ichiga oladi, ammo bu majburiyatlar umuman bajarilmayapti va hech kim javobgarlikka tortilmayapti», dedi Ruanda hukumati vozizi Yolanda Makolo BBC'ga.
FDLR — bu Ruandada 1994 yilda yuz bergan genotsid uchun javobgar boʻlganlar bilan bogʻliq qurolli toʻdadir. Kigali uni xavfsizlikka tahdid deb biladi va oʻz harbiy pozitsiyasini oqlash uchun uning KDR sharqida mavjudligini roʻkach qiladi.
«Ruanda KDRning ushbu majburiyatlarni bajarish tayyorgarligiga parallel ravishda va vositachi barcha tomonlarni javobgarlikka tortgan holda Vashington kelishuvlarini toʻliq amalga oshirishga tayyorligicha qolmoqda», dedi u.
AQSh, shuningdek, Ruanda xavfsizlik xizmatlariga xizmat koʻrsatuvchi moliyaviy muassasa — Zigama Credit and Savings Society'ga nisbatan ham sanktsiya qoʻlladi.
Vashingtonning bildirishicha, u M23 va uning siyosiy qanoti boʻlmish Kongo daryosi alyansi uchun oʻnlab million dollarlik tranzaktsiyalarni yengillashtirgan, Ruanda kuchlari uchun Xitoydan harbiy texnika moliyalashtirilishiga yordam bergan va isyonchilar nazoratidagi hududlardan Kigaliga oltin tashilishiga imkon yaratgan.
Sanktsiyalar AQSh yurisdiktsiyasi ostidagi belgilangan tashkilotlarning aktivlarini muzlatadi va agar ruxsat berilmagan yoki istisno qilinmagan boʻlsa, odatda AQSh jismoniy va yuridik shaxslariga ular bilan muomala qilishni taqiqlaydi. Qoidabuzarliklar AQSh va xorijiy tomonlar uchun jarimalarga olib kelishi mumkin.
Bu choralar 2026 yilning martida AQSh tomonidan Ruanda armiyasi va toʻrt nafar yuqori martabali harbiy qoʻmondonga nisbatan qoʻllanilgan avvalgi sanktsiyalardan soʻng amalga oshirildi. AQSh, shuningdek, 2026 yilning iyunida nizoli maʼdanlarni noqonuniy olib oʻtishda ayblangan Gasabo oltinni qayta ishlash zavodi va uchta konchilik kompaniyasiga qoʻshimcha sanktsiyalar kiritdi.
Ruandaning xalqaro sport aloqalari boʻyicha ham bosim ortib bormoqda. AQShning ikki senatori Milliy basketbol assotsiatsiyasini (NBA) Kigali bilan tijoriy munosabatlarini qayta koʻrib chiqishga chaqirib, bu liganing inson huquqlariga sodiqligi haqidagi bayonotlariga mos kelish-kelmasligini soʻroq ostiga oldi.
23 oktyabr kuni NBA komissari Adam Silverga yuborilgan maktubda senatorlar Jeff Merkli va Marsha Blekbern inson huquqlari buzilishi haqidagi ayblovlar fonida liganing Ruanda bilan davom etayotgan hamkorligi yuzasidan xavotir bildirdilar.
NBA hozircha maktubga mazmunan javob qaytargani yoʻq.
Ruanda oʻz xalqaro nufuzini oshirish uchun yuqori darajadagi sport homiyliklaridan foydalandi. Shu oy boshida u 2030 yillarning boshida Formula 1'ning Afrika Gran-prisiga mezbonlik qilish boʻyicha 10 yillik shartnomani qoʻlga kiritdi.
Mamlakatning «Arsenal»ga homiyligi 2026 yilda yakunlandi, «Bavariya» ham Visit Rwanda bilan tijoriy hamkorligini toʻxtatdi.

