AQSh Prezidenti va davlat kotibi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish ustuvorliklarini muhokama qildilar
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga «S5+1» formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika-Oʻzbekiston biznes va investitsiyalar kengashining ikkinchi majlisida ishtirok etish uchun kelgan AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv oʻtkazdi.

AKSh Prezidenti va davlat kotibi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish ustuvorliklarini muhokama qildilar
Uchrashuv boshida Marko Rubio davlat rahbariga AKSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomlari va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Asosiy eʼtibor Oʻzbekiston-AKSh strategik sherikligini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga qaratildi.
«S5+1» formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining ishi yuqori baholandi, bu uchrashuv AKSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlikni yana bir bor tasdiqladi.
Asosiy yoʻnalishlarda — siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalar, taʼlim va madaniyat sohalarida ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgan, shuningdek, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat oʻrtasidagi aloqalar kengaymoqda.
Xavfsizlik sohasidagi, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston va AKSh oʻrtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining yoʻlga qoʻyilishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Uning birinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda oʻzlashtirish sohasidagi Artemida kelishuvlari imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik ilgarigidek strategik sheriklikning asosiy ustunlaridan biri boʻlib qolmoqda. Yil boshidan buyon tovar aylanmasi 35 foizga ortdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, ushbu dastur doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, kon-ruda sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish va moliya sektorida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

