AQSH Kobulning jozibali taklifiga qaramay, «Tolibon» bilan hamkorlikdan voz kechdi
AQSH Davlat departamenti «Tolibon» harakatining Afgʻoniston mineral resurslarini oʻzlashtirishga Amerika investitsiyalarini jalb qilish haqidagi taklifini rad etdi.

AQSH Kobulning jozibador taklifiga qaramay, «Tolibon» bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi
Departament AQSHda rasman terrorchi tashkilot sifatida tan olingan harakat bilan ishlash niyatida emasligini maʼlum qildi. Bu haqda Davlat departamenti vakili Tommi Pigot aytdi.
«AQSH Davlat departamenti Afgʻonistonning oʻta muhim mineral resurslarini oʻzlashtirish masalasida «Tolibon» global terrorchilik guruhi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmayapti», - dedi Pigot.
U hamkorlikka borish «shunchaki toliblarga pul berib, ularning afgʻon xalqiga nisbatan dahshatli munosabatda boʻlishi uchun sharoit yaratishini» ham qoʻshimcha qildi.
Mazkur bayonot «Tolibon» harakati tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning taklifiga javoban bildirildi. Muttaqiy 31-avgust kuni Financial Times nashriga bergan intervyusida Vashingtonni Afgʻonistonning togʻ-kon sanoati, infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi va savdosiga sarmoya kiritishga chaqirgan edi. Muttaqiyning aytishicha, Afgʻoniston Amerika sarmoyalarini «shubhasiz» mamnuniyat bilan qabul qiladi va ikki davlat munosabatlari «yigirma yillik urush prizmasi orqali» baholanmasligi kerak — buning oʻrniga tomonlar kelajakdagi hamkorlikka eʼtibor qaratishi lozim. Gap AQSH geologik qidiruv maʼlumotlariga koʻra, bahosi trillion dollarga yaqinlashayotgan konlardan foydalanish imkoniyati haqida ketmoqda — Afgʻoniston mis, litiy, noyob metallar, kobalt va temir rudasining yirik zaxiralariga ega.
2021-yilda hokimiyatga qaytganidan keyin toliblar 7 milliard dollardan ortiq summaga togʻ-kon sanoatiga oid shartnomalar tuzdi, biroq Xitoy, Eron, Qatar va Turkiya kompaniyalari asosiy hamkorlar boʻldi — ular orasida yirik Gʻarb investorlari yoʻq.

