Apple yangi Mac mini va Mac Studio avlodini taqdim qildi
Apple yangi Mac mini’ni M6 va M5 Pro chiplari bilan taqdim etdi. Kompaniyaning ixcham kompyuteri 2024-yildan beri ilk bor yangilandi, bazaviy versiya narxi esa 900 dollardan boshlanadi.

Apple kompaniyasi yangi avlod Mac mini va Mac Studio qurilmalarini taqdim etdi.
Apple alohida tadbir oʻtkazmasdan, M5 Pro va M6 chipsetlariga asoslangan yangi avlod Mac mini’ni namoyish qildi. Gizmodo nashrining yozishicha, bu 2024-yildan beri yangilanayotgan ilk ish stoli kompyuteri boʻlib, ayni paytda Tim Kuk davrida chiqarilgan soʻnggi mahsulotdir.
Yangi Mac mini oʻzining ixcham dizaynini saqlab qolgan. Endi uning bazaviy konfiguratsiyasidagi tezkor xotira hajmi 16 GB ni tashkil etadi, maʼlumotlarni saqlash uchun esa 256 GB hajmli SSD oʻrnatilgan. Boshlangʻich narx 900 dollarga yetdi, bu avvalgi versiyadan 100 dollar qimmatroq.
Asosiy oʻzgarish M6 protsessori boʻldi – bu Apple’ning 2 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan birinchi chipidir. U ikkita superyadro, toʻrtta samarador va oltita energiya tejamkor yadrolarni oʻz ichiga oladi. Kompaniya nafaqat tezlikka, balki 3 nanometrli avlodga nisbatan energiya samaradorligi oshganiga ham urgʻu bermoqda.
Apple’ning taʼkidlashicha, M6’ning koʻp oqimli ishlash unumdorligi M5’nikidan qariyb 1,2 baravar yuqori. Grafikadagi oʻzgarishlar yanada sezilarli: 12 yadroli grafik protsessorning har bir yadrosi neyron tezlatgichlar bilan jihozlangan, bu esa Apple M4 oʻrnatilgan Mac mini’ga qaraganda ikki baravar yuqori grafik tezligini taʼminlaydi.
Apple shuningdek, M5 Pro bazasidagi Mac mini’ni ham taklif qilmoqda. Unda murakkabroq grafik va sunʼiy intellekt vazifalariga moʻljallangan 18 yadroli grafik protsessordan foydalaniladi. Ikkala model ham Wi-Fi 7, Bluetooth 6 va 2,5 gigabitli Ethernet bilan jihozlangan.
Yangi mahsulotga Apple veb-saytida oldindan buyurtma berish mumkin, biroq sotuvlar 22-sentabrdan boshlanadi. M6 chipidagi 16/256 GB xotirali bazaviy versiya 900 dollardan, M5 Pro chipidagi 24/512 GB xotirali Mac mini esa 1700 dollardan boshlanadi.
Shu bilan birga, Apple M6 va M5 Ultra protsessorlarini, shuningdek, M5 Max va M5 Ultra bazasidagi Mac Studio'ni rasman eʼlon qildi. Oxirgisi kompaniya tarixidagi eng qudratli chipset deb atalmoqda: maksimal konfiguratsiyada u 80 ta grafik yadro, 36 ta protsessor yadrosi va 512 GB gacha birlashgan xotiraga ega boʻldi.

