Angrenda 80 mln so‘mga yaqin qalbaki pul tayyorlaganlar ushlandi
Muqaddam sudlangan ikki shaxs ko‘p qavatli uydagi xonadonni ijaraga olib, rangli printer yordamida qalbaki pul tayyorlagan. Endi ular 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Angrenda qariyb 80 mln so‘mlik qalbaki pul tayyorlaganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Angren shahrida taxminan 80 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullarning muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro 1997-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, shahardagi ko‘p qavatli uylardan birida joylashgan xonadonni ijaraga olgan holda qalbaki pul tayyorlagan.
Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda uy ko‘zdan kechirilganda yarim tayyor holatdagi 100 va 200 ming so‘mlik kupyuralardan iborat jami 79,8 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pul mablag‘lari, rangli printer va uning bo‘yoqlari, shuningdek, kanselyariya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu shaxslar ilgari sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Kodeksga ko‘ra, bu jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan avval Andijonda 100 va 200 ming so‘mlik soxta banknotlardan iborat, jami 297 mln so‘m qalbaki pullarni shartli xaridorga 148 mln so‘mga sotgan shaxs qo‘lga olingandi. Toshkentda qalbaki 8,4 ming dollarni haqiqiysiga sotmoqchi bo‘lganlar ushlangandi.

