37,4 mln soʻm qalbaki pulni 7,5 mlnga sotayotganlar ushlandi
Namangan shahrida 37,4 mln soʻmlik qalbaki banknotlarni shartli xaridorga 7,5 mln soʻmga sotayotgan ikki shaxs ushlandi. Keyingi tintuv va koʻzdan kechirishlarda yana qalbaki pullar topilib, aniqlangan umumiy summa 51,5 mln soʻmga yetdi.

37,4 mln soʻmlik qalbaki pulni 7,5 mlnga sotayotganlar qoʻlga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotiga koʻra, tezkor tadbir DXXning Jizzax va Namangan viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda bojxona organlari hamkorligida amalga oshirilgan.
Tadbirda 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming soʻm nominaldagi qalbaki banknotlarni tayyorlash hamda sotish holati aniqlangan.
Pop tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi, 1999-yilda tugʻilgan ikki shaxs 37,4 mln soʻmlik qalbaki pulni shartli xaridorga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ularni shaxsiy tintuv qilish hamda boshqaruvidagi «Lasetti» avtomobili salonini tekshirish chogʻida jami yana 6,4 mln soʻmlik qalbaki pul borligi maʼlum boʻlgan.
Tezkor tadbir davomida izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni ham koʻzdan kechirilgan. Undan qoʻshimcha 7,7 mln soʻmlik qalbaki pul topilgan.
Shuningdek, xonadondan turli kupyuralar tasviri chop etilgan 145 dona oq qogʻoz, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov doirasida ularning ehtimoliy jinoiy aloqalarini aniqlash choralari koʻrilmoqda.

