Andijonda YHXB binosida norasmiy ishlab, 76 kishiga “prava” olib berganlar qo‘lga olindi

Andijonda YHXB binosida norasmiy ishlab, 76 kishiga “prava” olib berganlar qo‘lga olindi
Andijon viloyatida soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan shaxslarga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.
Aniqlanishicha, Sh.M. 2023-yildan 2025-yil noyabriga qadar Andijon viloyati IIB YHXBning 5-sonli tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish guruhida norasmiy yordamchi sifatida faoliyat yuritgan.
U tanishi U.M. bilan haydovchilik guvohnomasi olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga pul evaziga hujjat rasmiylashtirib berish tizimini yo‘lga qo‘ygan. U.M. mijozlarni topgan, Sh.M. esa guvohnomalarni chiqarish bilan shug‘ullangan.
Buning uchun avval eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirgan boshqa fuqarolarning topshirilgan hujjatlaridan foydalanilgan. Eski guvohnomalarning seriya va raqamlari aslida haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan mijozlarning ma’lumotlariga bog‘langan. Natijada ular tizimda ilgari ham haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxs sifatida ko‘rsatilgan.
Soxta ma’lumotlar YHXXning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilib, fuqarolarga yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari chiqarib berilgan.
Sh.M. suddagi ko‘rsatmasida mijozlarni U.M. topib kelganini, o‘zi ular bilan bevosita gaplashmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir guvohnoma uchun 500 dollardan 1000 dollargacha pul olingan va mablag‘lar U.M. orqali unga yetkazilgan.
U.M. esa sudda shu yo‘l bilan 50—60 nafarga yaqin fuqaroga guvohnoma chiqarib berilganini bildirgan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, har bir mijozdan olingan pulning 100 dollarini o‘ziga olib qolib, qolganini Sh.M.ga bergan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, jami 76 ta soxta haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Ularning 65 tasi YHXB xodimlaridan biriga, yana 11 tasi boshqa xodimga tegishli login-parollar orqali chiqarilgan.
Holat aniqlangach, YHXB xodimlaridan biri Sh.M.dan bu ishga nima sababdan qo‘l urganini so‘ragan. Xodimning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, Sh.M. unga 2024-yilda totalizator o‘ynab, 50 ming dollardan ortiq qarzga botganini aytgan.
Ish bo‘yicha login-parollaridan foydalanilgan ikki nafar YHXB xodimi ham sudga tortilgan. Biroq ularning soxta guvohnomalar chiqarilishidan xabardor bo‘lgani yoki buning evaziga pul olgani isbotlanmagan. Sud xodimlarning login-parol va elektron kalitlar saqlanishini lozim darajada nazorat qilmaganini mansabga sovuqqonlik bilan qarash deb baholagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tumani sudi hukmi bilan Sh.M. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
U.M. ham shu modda bilan aybli deb topilib, uzil-kesil 3 yil 3 oyga ozodlikni cheklash jazosi belgilangan. Sud ashyoviy dalil sifatida saqlanayotgan 76 ta soxta haydovchilik guvohnomasini yo‘q qilish haqida qaror qilgan.
Avvalroq 72 kishiga 616 mln so‘m evaziga soxta haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirgan Davlat xizmatlari markazi xodimi va uning sheriklari qamoqqa olingani haqida xabar qilingandi.

