Andijonda YPX xodimidan qochgan haydovchi Onix’da do‘konga borib urildi

Andijonda YPX xodimlaridan qochgan Onix haydovchisi do‘konga borib urildi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.
17-avgust kuni soat 01:10 atrofida Andijon shahri Mashrab ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari Onix rusumli avtomobil haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, Lomonosov ko‘chasi tomon harakatini davom ettirgan. Harakat davomida u rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida joylashgan do‘konga borib urilgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan YPX xodimlari haydovchining hujjatlarini tekshirganda, 1999-yilda tug‘ilgan U.M. avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqargani hamda ushbu transport vositasiga nisbatan muddati o‘tgan 10 million so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjudligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi 2-qismi (yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) va 194-moddasi 1-qismi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Avtomobilga texnik shikast yetgan. Hozirda Andijon shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 12-avgust kuni Qashqadaryoda haydovchi uni to‘xtatishga uringan YPX mashinasini Nexia’da urib qochgandi. Toshkentda YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan motosiklchi 15 sutkaga qamalgan. Soatiga 210 km tezlikda harakatlangan yana bir haydovchi jarimaga tortilgan. Surxondaryoda fuqarolar ikki YPX xodimiga tan jarohati yetkazgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

