Mahalliy

Andijonda Lixiang egasi YHXBdagi tanishi orqali javobgarlikdan qutulib kelayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

Andijonda Lixiang avtomobili egasi YHXBdagi tanishi orqali javobgarlikdan qutulib kelayotgani haqidagi xabarlar rad etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bir fuqaro haydovchilik guvohnomasisiz Lixiang 9 rusumli avtomobilini boshqarib kelgan va Andijon viloyati YHXBda ishlovchi "Abdumajid" ismli tanishi orqali javobgarlikdan qutulgan. Ushbu xabarlarga Andijon viloyati YHXB rasmiy munosabat bildirdi.

YHXB mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, 60 D 010 LD davlat raqamli Lixiang 9 avtomashinasi egasi Sh.D.ning haqiqatan ham haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi aniqlangan. Biroq, avtomobil uchun rasmiylashtirilgan majburiy sug‘urta polisi "cheklanmagan" turda bo‘lib, Sh.D.ning ta’kidlashicha, u avtomobilni o‘zi boshqarmaydi, balki doim haydovchilik guvohnomasiga ega shaxsni jalb qilgan holda harakatlanadi.

Shuningdek, Sh.D. Andijon viloyati YHXB tizimida "Abdumajid" ismli tanishi yo‘qligini va shu orqali hech qanday imtiyoz yoki javobgarlikdan ozod etish holati bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan. YHXB fuqarolardan tasdiqlanmagan va yolg‘on xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab, har bir shaxs qonun oldida teng ekanligini eslatib o‘tdi.

Avvalroq O‘zbekistonda 1,2 mingdan ortiq kishi haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirgani aniqlangandi. Tahlillarga ko‘ra, soxta guvohnomalarni olgan fuqarolarning 455 nafari 1 305 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan, 9 nafari yo‘l-transport hodisasi sodir etgan, buning natijasida 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 3 nafari vafot etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.