Mahalliy

Andijonda tibbiyot birlashmasining sobiq rahbarlari va hisobchilaridan iborat 13 kishiga sud hukmi o‘qildi

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan Andijon shahar tibbiyot birlashmasi tekshirilganda, 3,4 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Xususan, 2021–2024-yillarda shifoxonalarga amalda yetkazib berilmagan dori-darmonlar uchun pul to‘langan, mahsulotlar qimmat narxlarda xarid qilingan va xodimlarga asossiz ish haqi hisoblangan.

Andijonda tibbiyot birlashmasining sobiq rahbarlari va hisobchilaridan iborat 13 kishiga sud hukmi chiqarildi

Andijon shahar tibbiyot birlashmasida byudjet mablag‘laridan foydalanishda 3,4 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzarliklar aniqlangani bo‘yicha muassasaning 13 nafar xodimiga sud hukmi o‘qildi.

Andijon viloyati prokuraturasi tergovchisining qarori asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Andijon viloyati boshqarmasi mutaxassislari tekshiruv o‘tkazgan. Birlashmaning 2021–2024-yillardagi xarajatlari ko‘rib chiqilganda, dori-darmon xaridi, xizmatlar uchun to‘lovlar va xodimlarga ish haqi hisoblashda bir qator qonunbuzarliklar fosh etilgan.

### Dori-darmonlar yetkazilmagan, ammo puli to‘langan

Ma’lum qilinishicha, birlashma bir nechta farmatsevtika korxonalari bilan dori-darmon va tibbiy buyumlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Biroq ayrim mahsulotlar amalda muassasalarga yetkazilmagan. Shunga qaramay, ular qabul qilingandek elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilib, ta’minotchilarga byudjetdan mablag‘ o‘tkazilgan.

Masalan, sobiq bosh hisobchi MCHJga yetkazib berilmagan mahsulotlar uchun 444,2 mln so‘m to‘lab bergan.

2021–2024-yillarda jami 15 ta ta’minotchi korxonaga shu tartibda 1 mlrd 536 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz o‘tkazilgan. Bundan tashqari, dori-darmonlar shartnomada kelishilgan narxdan 218,4 mln so‘mga qimmat xarid qilingan. Belgilangan referent narxlarga ham amal qilinmagan.

Xizmatlar uchun to‘lovlarda ham shunga o‘xshash holatlar qayd etilgan. Xususan, ayrim tug‘ruq majmualarida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul o‘tkazilgan. Bolalar shifoxonasida esa kir yuvish xizmatining ko‘rsatilmagan qismi uchun ham haq to‘langan.

### Ishlamagan 33 xodimga 410,8 mln so‘m maosh yozilgan

Tekshiruvda amalda ishlamagan 33 nafar xodimga jami 410,8 mln so‘m ish haqi hisoblangani aniqlangan. Ayrim holatlarda tabellarga soxta ma’lumotlar kiritilib, belgilangan ish hajmini bajarmagan xodimlarga ham maosh to‘langan.

Bundan tashqari, malaka toifasining amal qilish muddati tugagan 32 nafar xodimga 49,4 mln so‘m, yana 27 nafar xodimga mukofot puli sifatida 62,4 mln so‘m ortiqcha berilgan. Intizomiy jazosi bor xodimlarni rag‘batlantirish, shtat va ish stajiga bog‘liq to‘lovlarda ham qonunchilik talablari buzilgan.

Shuningdek, qayta hisob-kitob jarayonida 159 nafar xodimga 215,1 mln so‘m, mehnat ta’tili uchun esa 248 nafar xodimga 60,9 mln so‘m ortiqcha hisoblangan.

Tekshiruvda aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning umumiy miqdori 3 mlrd 425 mln 597 ming 900 so‘mni tashkil etgan.

### Sud hukmi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudining hukmi bilan 13 nafar sudlanuvchining barchasi aybli deb topilgan. Ularning ayrimlari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, boshqalari esa byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan.

Xususan, birlashmaning sobiq rahbari va sobiq bosh hisobchisi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Biroq javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli ularga jazo tayinlanmagan.

Birlashma rahbarining iqtisodiy va umumiy masalalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari F.M. ham JKning 207-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.

Sobiq bosh hisobchi S.Y. esa JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 1 yil 7 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Bosh hisobchi o‘rinbosari J.M. va moddiy boyliklar hisobchisi M.I. ham JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Ularning har biri ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 7 oydan axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

Qolgan yetti nafar hisobchi esa JKning 167-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari hamda 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Ularning har biriga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 1 yil 1 oydan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jazo tayinlangan 11 nafar sudlanuvchining barchasi 1 yil muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilgan.

Bundan tashqari, yetkazilgan zararni qoplash maqsadida prokuraturaning depozit hisobvarag‘iga kiritilgan 891 mln so‘mdan ortiq mablag‘ Andijon viloyati mahalliy byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.