Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali o‘tkaziladi
Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tashkil etilayotgan tadbir Berlin Zentrum majmuasida bo‘lib o‘tadi

Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali bo‘lib o‘tadi
Joriy yil 26 sentyabr kuni Andijon shahri ilk bor “Yashil uyim” ekologik festivaliga mezbonlik qiladi. Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tashkil etilayotgan tadbir Berlin Zentrum majmuasida o‘tkaziladi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, festival ekologik turmush tarzi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy ilmiy va ekologik yechimlarni keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan.
Festival davomida mehmonlar uchun mutaxassislar ishtirokidagi ochiq ma’ruzalar, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha mahorat darslari, ekologik mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yarmarkasi, sovrinli o‘yinlar hamda jonli musiqiy dastur tashkil etiladi.
Festivalning asosiy hududida ekologik turmush tarzi va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq turli tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, yetakchi mutaxassislar ishtirokida “Ekologik yashash qimmat emas: uyda ishni nimadan boshlash kerak?”, “Saraton genomikasi”, “Nega chiqindilarni saralash kerak?”, “Imo-ishora tilini o‘rganamiz”, “Ekologiya yoki iqtisodiyot?” kabi mavzularda suhbat va munozaralar bo‘lib o‘tadi.
Tadbir doirasida bolalar uchun ham ma’rifiy va interaktiv mashg‘ulotlar, robototexnika darsi va ilmiy eksperimentlar tashkil etiladi.
Festival davomida tashrif buyuruvchilar ekologik mahsulotlar yarmarkasida qatnashish, mahalliy ekologik tashabbuslar va ilmiy ishlanmalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, festival hududida chiqindilarni topshirish va qayta foydalanishni rag‘batlantiruvchi maxsus punktlar faoliyat yuritadi. Punktlarda batareyalar, ishlatilgan o‘simlik yog‘i, qog‘oz, sellofan va alyuminiy qabul qilinadi.
“Yashil uyim” festivali ekologik mas’uliyatni kundalik hayotdan boshlash, foydali odatlarni shakllantirish va atrof-muhitni asrashga qaratilgan amaliy yechimlarni keng targ‘ib qilish uchun ochiq maydon yaratadi”,

