Andijon viloyatida haydovchi Qirgʻizistonga 34 ming dollar olib chiqib ketishga urindi

Andijon viloyatida haydovchi Qirgʻizistonga 34 ming dollarni olib chiqib ketishga urindi
Andijon viloyatidagi «Doʻstlik» chegara bojxona postida Volvo yuk mashinasi haydovchisidan 34 ming dollar topildi. Erkak Oʻzbekistondan Qirgʻizistonga ketayotgan boʻlgan va pullarni belgilangan tartibda deklaratsiya qilmagan.
Naqd pullar avtotransport vositasi va haydovchining shaxsiy buyumlari koʻzdan kechirilganda aniqlandi. Pullar qoʻl sumkasi va kiyim choʻntaklariga yashirilgan boʻlgan.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi maʼlum qilishicha, tekshiruv chegara xizmati vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan. Deklaratsiyalanmagan valyuta aniqlangani holati boʻyicha surishtiruv olib borilmoqda.
Bundan tashqari, xuddi shu postda Qirgʻizistonga yoʻl olgan boshqa bir erkakning paypoqlariga yashirilgan 64 ming dollar aniqlandi. Pullar vaqtincha olib qoʻyildi, holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazilmoqda.

