Andijonda paypogʻida xorijiy valyutani olib chiqib ketishga uringan erkak qoʻlga olindi

Andijonda valyutani paypoq ichida olib chiqib ketishga uringan erkak qoʻlga olindi
Andijon viloyatidagi «Doʻstlik» bojxona postida Oʻzbekistondan koʻp miqdordagi xorijiy valyutani noqonuniy olib chiqib ketishga boʻlgan urinish bartaraf etildi. Erkak paypoqlari ichiga xufiya joy tayyorlab, u yerga oʻn minglab dollarni yashirgan va chegaradan oʻtishga uringan.
Yoʻlovchi qoʻshni davlatga yoʻl olgan va «yashil» yoʻlakni tanlagan, bu bilan u majburiy deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar yoki boyliklar yoʻqligini maʼlum qilgan.
Shunga qaramay, bojxonachilar shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishga qaror qilishdi. Tekshiruv davomida erkakning paypoqlari ichidan 64 ming dollar topildi. Deklaratsiyada ushbu summa koʻrsatilmagan edi.
Bojxona maʼlumotlariga koʻra, fuqaro belgilangan qoidalardan xabardor boʻlgan, biroq shunga qaramay, pullarni mamlakatdan yashirincha olib chiqib ketishga uringan.
Valyuta vaqtinchalik olib qoʻyildi. Holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazilmoqda.
Bu Andijon viloyatidagi birinchi bunday holat emas. Avvalroq bir erkak naqd dollarlarni poyabzaliga yashirib, chegaradan oʻtishga uringan edi.

