American Airlines yo‘lovchisi samolyotda janjal chiqargani uchun o‘rindiqqa skotch bilan bog‘lab qo‘yildi

American Airlines yo‘lovchisi samolyotda janjal ko‘targani uchun o‘rindiqqa skotch bilan mahkam bog‘lab qo‘yildi
AQSHda Dallasdan Nyuark shahriga uchayotgan American Airlines samolyotida bir yo‘lovchi bort kuzatuvchisini haqorat qildi va boshqa odamlarga tashlandi. Shundan keyin u ushlanib, o‘rindiqqa skotch bilan bog‘lab qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak o‘zini mast odamdek tutgan. U baqirgan, Iso payg‘ambar va do‘zax haqida gapirgan hamda bort kuzatuvchini haqorat qila boshlagan. Keyinroq u yonida o‘tirgan yo‘lovchini urgan va mojaroga aralashmoqchi bo‘lgan ayolni itarib yuborgan.
Shunda bir nechta yo‘lovchi birgalikda uni ushlab, erkakni skotch va plastik bog‘ichlar yordamida o‘rindiqqa qimirlamaydigan qilib bog‘lab qo‘ygan.
Samolyot yo‘nalishini Baltimorga o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. U yerda erkakni politsiya qo‘lga olgan. Shundan so‘ng samolyot Nyuarkka parvozni davom ettirgan.
American Airlines bezori yo‘lovchi sababli samolyot majburiy qo‘nganini tasdiqladi. Kompaniya bortdagi zo‘ravonlikka toqat qilinmasligini bildirdi. Hozirda erkak tajovuz qilish va jamoat tartibini buzish moddalari bo‘yicha tekshirilmoqda.
Olmaota—Oqtov reysi yo‘lovchisi yukida portlovchi modda borligiga shama qilgan. Tekshiruvlar davomida hech qanday taqiqlangan buyum topilmagan, biroq fuqaroga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

