Altman: AGI yil oxirigacha paydo boʻlishi mumkin
OpenAI bosh direktori Sem Altman inson darajasidagi keng qamrovli intellektual vazifalarni bajarishga qodir umumiy sunʼiy intellekt - AGI 2026-yil oxirigacha paydo boʻlishi mumkinligini bildirdi. Kompaniya oʻzining AGI haqidagi tushunchasiga mos keladigan ichki tizim yaratishni rejalashtirmoqda.

**Altman: AGI yil oxirigacha paydo boʻlishi mumkin**
OpenAI bosh direktori Sem Altmanning fikricha, bunday texnologiyaning dastlabki ko‘rinishlari 2026-yil oxiriga qadar yuzaga kelishi mumkin.
Altman TIME jurnalida chop etilgan materialda OpenAI kompaniyaning o‘zi AGI deb hisoblaydigan mezonlarga mos ichki tizim yaratishni rejalashtirayotganini aytgan.
Shu bilan birga, hozircha umumiy sun’iy intellektning barcha mutaxassislar tomonidan qabul qilingan yagona ta’rifi yo‘q.
OpenAI AGI’ni iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan aksariyat faoliyat turlarida insonlardan ustun kela oladigan yuqori darajadagi avtonom tizimlar sifatida ta’riflaydi.
Kompaniya vakillari AGI yaratish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishilganini bildirmoqda. OpenAI bosh ilmiy xodimi Mark Chenning bahosiga ko‘ra, kompaniya AGI yaratish maqsadiga taxminan 80 foiz yaqinlashgan.
OpenAI hammuassisi va prezidenti Greg Brokman esa kompaniya o‘z rejalarini amalga oshira olsa, kelajakda 2026-yil oxiri AGI paydo bo‘lgan davr sifatida baholanishi mumkinligini aytgan.
Kompaniya bu yo‘nalishdagi istiqbolli ishlanmalaridan biri sifatida kelajakdagi Astra modellari liniyasini ko‘rsatmoqda.
OpenAI bosh ilmiy xodimi Yakub Paxotskining ta’kidlashicha, Astra tadqiqotga oid vazifalarni hozirning o‘zida stajyor darajasida bajara oladi.
Altman esa mijozlarning bir guruhiga modelning dastlabki versiyasi namoyish etilgan tadbirda Astra yangi va ahamiyatli narsalarni ixtiro qilishga qodir bo‘lgan birinchi model bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Uning fikricha, bunday qobiliyatlar tizimni AGI tushunchasiga juda yaqinlashtiradi.
Biroq OpenAI’ning ushbu bayonotlari hozircha mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Kompaniya Astra imkoniyatlari batafsil bayon qilingan texnik hisobotni ham hali e’lon qilmagan.
Shu sababli AGI 2026-yil oxirigacha yaratilishi haqidagi baho hozircha OpenAI rahbarlari va mutaxassislarining prognozlari bo‘lib qolmoqda.

