Mahalliy

Alimentni ota-onaning maoshiga emas, bolaning ehtiyojiga qarab belgilash taklif qilindi

Shu munosabat bilan har bir bolaning yosh toifasi bo‘yicha minimal iste’mol savatini belgilash taklif qilinmoqda.

Aliment miqdorini ota-onaning maoshiga emas, bolaning ehtiyojiga qarab belgilash taklif etildi

O‘zbekistonda alimentni hisoblash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda. Bu haqda Senatning 19-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda aliment to‘lashdan qochish yoki uning miqdorini kamaytirish maqsadida ayrim shaxslar haqiqiy daromadini yashirib, o‘zini minimal maoshli ish joyiga rasmiylashtirayotgan holatlar kuzatilmoqda. Shu sabab aliment miqdori bolaning real ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Shu munosabat bilan har bir bolaning yosh toifasi bo‘yicha minimal iste’mol savatini belgilash taklif qilinmoqda. Yangi yondashuvga ko‘ra, aliment miqdorini belgilashda faqat ota yoki onaning rasmiy maoshi va daromadi emas, balki bolaning yashashi, oziq-ovqati va boshqa zarur ehtiyojlarini ta’minlash uchun kerak bo‘ladigan minimal xarajatlar asos qilib olinishi mumkin.

Kattaxonova bu o‘zgarish bolaning moddiy ta’minotini mustahkamlash va kafolatlashga qaratilganini ta’kidladi.

Shuningdek, aliment undirish jarayoniga doir yana bir taklif bildirildi. Unga ko‘ra, hozir Majburiy ijro byurosi amalga oshirayotgan aliment undirish bilan bog‘liq ayrim jarayonlarni xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qo‘mita mazkur takliflarni qonunchilikka kiritishni rejalashtirmoqda. Hozircha bu normalar qabul qilingani yo‘q — ular taklif sifatida bildirildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.