Mahalliy

“Aholining alimentga oid shikoyatlari kamaydi” — prezident xalq qabulxonasi rahbari

Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Farrux Omonovning maʼlum qilishicha, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida aliment undirish boʻyicha murojaatlar soni 3,5 foizga kamaygan. Bu haqda “Daryo” muxbiri 13-avgust kuni Toshkent viloyatida boʻlib oʻtgan media-turdan xabar berdi.

Yetti oy davomida Xalq qabulxonasiga aliment undirishga oid jami 36 806 ta shikoyat kelib tushgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3,5 foizga kamayganini koʻrsatadi.

Shuningdek, yanvar-iyul oylarida aliment miqdorini qayta hisoblash boʻyicha 2 847 ta soʻrov qayd etilgan. Bu raqam oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10,9 foizga kamdir.

Avvalroq Oʻzbekistonda rasmiy daromadga ega boʻlmagan fuqarolar uchun aliment miqdori oshirilgan edi. Bu respublikada oʻrtacha oylik ish haqi koʻtarilgani bilan bogʻliq.

Joriy yilning 1-aprel holatiga koʻra, mamlakatda oʻrtacha oylik ish haqi 6,82 million soʻmni tashkil etgan. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 5,81 million soʻm boʻlgan. Demak, oʻrtacha ish haqi bir yilda 17,4 foizga oʻsgan.

Norasmiy daromadga ega boʻlgan shaxslar uchun aliment miqdori aynan oʻrtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi. Endilikda rasmiy daromadi boʻlmaganlar quyidagicha aliment toʻlaydi:

* bir bola uchun — 1,7 million soʻm (ilgari 1,4 million soʻm);

* ikki farzand uchun — 2,3 million soʻm (ilgari 1,9 million soʻm);

* uch va undan ortiq bolalar uchun — 3,4 million soʻm (ilgari 2,9 million soʻm).

Fevral oyida Oʻzbekistonda 350 mingdan ortiq aliment toʻlovchi borligi, ularning 61 foizi rasmiy ish joyiga ega emasligi maʼlum qilingan edi.

Maʼlumot uchun, Oila kodeksiga koʻra, rasmiy daromadga ega fuqarolar (jumladan, norasmiy ishlovchilar ham) alimentni oʻz oylik maoshidan kelib chiqib toʻlaydi. Bunda:

* bir bola uchun — ish haqining toʻrtdan bir qismi;

* ikki farzand uchun — uchdan bir qismi;

* uch va undan ortiq bola uchun — yarmi undiriladi.

Sud tomonlarning moddiy va oilaviy ahvolini inobatga olgan holda aliment miqdorini kamaytirishi yoki oshirishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.