Akkreditatsiya markazining huquqiy maqomi belgilandi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasining maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi. Markaz muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Akkreditatsiya markazining huquqiy maqomi belgilandi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 460-son qarori bilan «Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi davlat muassasasi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom «Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi» davlat muassasasining huquqiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, huquqlari hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab beradi.
Hujjatga ko‘ra, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Shuningdek, Akkreditatsiya markazi xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qiladi. Sohaga xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish ham uning asosiy vazifalari qatoriga kiritilgan.
Nizom bilan Akkreditatsiya markaziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun bir qator huquqlar ham berildi.
Jumladan, Markaz o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirishi mumkin.
Shuningdek, Markaz o‘z vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha zarur statistik axborotlarni statistika organlaridan bepul olish huquqiga ega bo‘ladi.
Akkreditatsiya markazi faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Nizomga muvofiq, Markaz direktori Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi bilan belgilangan tartibda kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Yangi nizom shu tariqa Akkreditatsiya markazining davlat boshqaruvi tizimidagi maqomi, vakolatlari va boshqaruv mexanizmini belgilab berdi.

