“Ajrashgan va kasbini oʻzgartirganlar koʻp” — shifokor ilmsiz kosmetologlar oʻtkazgan operatsiyalarning ogʻir oqibatlari haqida
“TashMI” rektori Shuhrat Boymurodov notoʻgʻri operatsiya qilingan yuzlarda tuzatib boʻlmas asoratlar qolayotganini aytdi. Bu holat odamlar hayotiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotganiga urgʻu berdi.

“Ajrashgan va kasbini oʻzgartirganlar koʻp” — shifokor ilmsiz kosmetologlar amalga oshirgan operatsiyalarning ogʻir oqibatlari haqida
Oʻzbekistonda tibbiy bilimi boʻlmagan kosmetologlar tomonidan bajarilgan notoʻgʻri operatsiyalar sabab odamlar hayotida jiddiy muammolar paydo boʻlmoqda.
Oliy toifali yuz-jagʻ jarrohining aytishicha, ayrimlar plastik jarrohlikni biznes sifatida qabul qilmoqda. Aslida esa bu ilm boʻlib, ushbu soha bilan professional mutaxassislar shugʻullanishi kerak.
“Bundan 10 yil oldin tibbiyotga berilgan imkoniyatlar sabab puli bor tadbirkorlar stomatologiya klinikalari ochdi. Ular stomatologiyani ilm ekanini tushunmasdan, biznes deb oʻylashdi. Keyin koʻp narsani mutaxassislar qilmasa boʻlmasligini tushunib yetishdi. Endi plastik jarrohlik shunaqa holatga kelgan. Buni ham biznes deb tushunib, hamma puli bor odamlar plastik xirurgiya klinikalari ochyapti. Oqibatda ilmi yoʻq kosmetologlar ham pul topaman deb plastik operatsiyalar qilmoqda. Bunday jarrohlik amaliyotlari qonun-qoidasi bilan bajarilmagani sabab asoratlar keltirib chiqaryapti”, dedi mutaxassis.
Shuhrat Boymurodov plastik jarrohlik bilan shugʻullanish bosqichi tez orada yakun topishiga ishonch bildirdi. Chunki notoʻgʻri operatsiyalar oqibatida yuzaga kelgan asoratlar insonlarni koʻplab qiyinchiliklarga duchor qilmoqda. Olim plastik xirurgiya, ayniqsa, yuz plastikasi nihoyatda murakkab soha ekanini taʼkidladi. Rivojlangan mamlakatlarda bu yoʻnalish mutaxassislari 15-16 yil davomida tayyorlanishini aytdi.
“Ming afsuski, hozirgi kosmetologlar juda koʻp yuz operatsiyalarini bajaryapti. Birinchidan, ularning tibbiy maʼlumoti yoʻq. Ikkinchidan, qayergadir borib shogird tushadi va ikki marta koʻrib, operatsiya qilyapti. Oqibatda minglab tuzatib boʻlmaydigan asoratlar keltirib chiqaryapti. Biz buning hammasini ommaviy axborot vositalariga aytib bera olmaymiz. Lekin juda koʻp ayollar bizga kelishadi. Ular oʻzini rasmga tushirishga ruxsat berishmaydi. Hatto uydagilardan berkitib operatsiya qildirib, asoratlar bilan yurganlar kam emas. Oilasidan ajrashib ketganlar, kasbini oʻzgartirganlar va tushkunlikka tushib qolganlar juda ham koʻp”, dedi shifokor.
Shuhrat Boymurodovning fikricha, muammoning asosiy yechimi sifatli taʼlim bilan bogʻliq. Shu bilan birga, qonunchilik asosida tizimni tartibga solish ham muhim. Bundan tashqari, har bir shifokor va kosmetolog oʻz ishini professional darajada bajarishi zarur.
Avvalroq 2027-yildan boshlab tibbiyot talabalari haftasiga uch kun bemorlar bilan ishlashni oʻrganishi belgilangandi. Bitiruvchi kurs talabalari esa oxirgi oʻquv yilini toʻliq tibbiyot muassasalarida amaliyot oʻtash bilan oʻtkazadi.

