
Aholidan soʻrashmadi
Oʻzbekistonda pensiya tizimini isloh qilishga xalqaro konsultantlarni jalb etish taklif qilinmoqda. Buning uchun Pensiya jamgʻarmasi huzurida alohida loyiha ofisini tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, u jamgʻarib boriladigan pensiyalarni rivojlantirish va tizimning moliyaviy barqarorligi bilan shugʻullanadi.
Asosiy takliflardan biri — 2027 yildan boshlab jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini «Xalq banki»dan Pensiya jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkazishdir. Shaxsiy hisobvaraqlardagi mablagʻlar hisobi va hisobotlarini 2027 yil oxirigacha bosqichma-bosqich uning axborot tizimiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Jamgʻarma uchun yana 31 ta shtat birligini ajratish ham taklif etilmoqda.
Loyihada shaxsiy jamgʻarmalar uchun yangi ragʻbatlar ham koʻzda tutilgan. Agar fuqaro pensiya hisobvaragʻiga ish haqining 5 foizini ixtiyoriy ravishda oʻtkazsa, davlat kiritilgan summaning 50 foizigacha miqdorda mablagʻ qoʻshib berishi mumkin boʻladi.
Jamgʻarmalarning oʻzini va ularni investitsiya qilishdan olingan daromadlarni fuqarolarning meros qilib qoldirish huquqiga ega shaxsiy mulki deb tan olish taklif qilinmoqda. Hozircha gap hujjat loyihasi haqida bormoqda, yakuniy qaror qabul qilingani yoʻq.

