Aeroportlar yaqinida havo sifatini nazorat qilish stansiyalari oʻrnatilmoqda
Havo holatini kechayu kunduz kuzatishga moʻljallangan uskunalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalari doirasida joylashtiriladi.

Aeroportlar yaqinida havo sifatini kuzatish stansiyalari oʻrnatilmoqda
"Uzbekistan Airports" AJ mamlakat aeroportlari atrofida atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring qilish tizimini yoʻlga qoʻymoqda.
Maʼlum qilinishicha, Fargʻonada stansiya oʻrnatilgan, Samarqandda esa shunga oʻxshash uskunalarni oʻrnatish va sozlash ishlari yakunlangan. Kelgusida boshqa aeroportlar yaqinida ham bunday stansiyalarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Havo holatini kechayu kunduz kuzatishga moʻljallangan uskunalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalari hududida joylashtiriladi.
Stansiyalar ifloslantiruvchi moddalar, jumladan, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid, shuningdek, mayda PM2.5 va PM10 zarrachalari konsentratsiyasini oʻlchaydi. Shu bilan birga, tizim havo harorati va namligini, atmosfera bosimini, shamol tezligi hamda yoʻnalishini ham qayd etadi.
Oʻlchov natijalari avtomatik ravishda Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga yuboriladi.

