«Toza havo»: havo «qizil» darajaga yetsa, korxonalar faoliyati toʻxtatilishi mumkin
Havo ifloslanishi «toʻq sariq», «qizil» yoki «binafsha» darajaga chiqib, holat bir kun saqlanishi prognoz qilinsa, hududga maxsus laboratoriyalar yuboriladi va ifloslanish manbalari aniqlanadi. Zarur hollarda havoni ifloslantirayotgan korxonalar faoliyati vaqtincha toʻxtatiladi. Bu haqda «Toza havo» umummilliy loyihasiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

«Toza havo»: havo «qizil» darajaga chiqsa, korxonalar faoliyati vaqtincha toʻxtatilishi mumkin
2-oktabr kuni Oʻzbekistonda atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifatini yaxshilash hamda «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi mutasaddilari qatnashdi.
Anjumanda havo sifati keskin yomonlashgan hududlarda onlayn monitoring maʼlumotlari asosida qanday choralar koʻrilishi, shuningdek, Jahon banki tadqiqotlaridagi koʻrsatkichlarga qaramay, «Toza havo» doirasida nega avtomobillarga alohida eʼtibor qaratilayotgani va chang hamda isitish tizimlari boʻyicha qanday amaliy ishlar qilinayotgani yuzasidan savollar berildi.
Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori Doniyor Turgʻunovning aytishicha, onlayn platforma orqali havo sifatining hozirgi holati kuzatilishi bilan birga, keyingi 1–3 kun uchun prognozlar ham tuziladi. Havo ifloslanishi «toʻq sariq», «qizil» yoki «binafsha» darajaga yetib, bu holat kamida bir kun davom etishi kutilsa, tezkor choralar koʻriladi.
«Onlayn platformamiz real vaqt rejimidagi vaziyatni koʻrish va havo ifloslanishi boʻyicha prognoz berish imkonini yaratadi. Real holat va prognozlardan kelib chiqib, keyingi 1–3 kun uchun rejalarimiz va tezkor choralarimiz mavjud. Agar havo ifloslanishi toʻq sariq, qizil yoki binafsha darajaga chiqib, bir kun davom etishi prognoz qilinsa, hamkorlikda tegishli choralar koʻriladi», - dedi Doniyor Turgʻunov.
Uning soʻzlariga koʻra, bunday vaziyatda avvalo maxsus laboratoriyalar, «Oʻzgidromet»ning mobil laboratoriyalari hamda Milliy ekologiya qoʻmitasi laboratoriyalari hududga yuboriladi. Ular ifloslanish manbalarini aniqlash va oʻrganish boʻyicha tekshiruv oʻtkazadi.
Agar havoning yuqori darajada ifloslanishiga sabab boʻlayotgan manbalar aniqlansa, ekologik nazorat xodimlari tomonidan tezkor choralar koʻriladi. Zarurat tugʻilganda ifloslanishga sabab boʻlayotgan faoliyatni vaqtincha toʻxtatishgacha boʻlgan choralar qoʻllanishi mumkin.
Matbuot anjumanida yirik korxonalarda avtomatik ekologik monitoring stansiyalarini oʻrnatish va ularni Milliy monitoring markaziga integratsiya qilish talabi ham muhokama qilindi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi Ekopolitsiya boshqarma boshligʻi Nodirbek Jamburboyevning maʼlum qilishicha, Prezident qarori bilan I va II toifadagi obyektlarni avtomatik monitoring tizimiga integratsiya qilish belgilangan. Bu talablarni bajarmagan korxonalar uchun moliyaviy choralar ham nazarda tutilgan.
«Misol tariqasida oladigan boʻlsak, aynan oʻsha avtomatik monitoring stansiyasini oʻrnatsa-da, integratsiya qilmasa, bizda EkoFond degan dastur bor oʻzimizda. Yaʼni atrof-muhitni ifloslantirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari toʻlanadi. Ana shu narsa bizda besh baravar miqdorda avtomatik ravishda hisoblanadi va unga nisbatan moliyaviy taʼsir chorasi qoʻllanadi.
Shu bilan birgalikda, qonunchilikka oʻzgartirish kiritilgan yana, bizda aynan shu avtomatik monitoring stansiyalardan foydalanish talabini buzganda, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilangan.
Endi jarima summalari qanaqa avtomatik tarzda shakllanadi demoqchi boʻlsangiz, bu yerda bizda yaqinda Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi kiritilgan, bizda «Ekonazorat» axborot tizimi boʻladi. Va «Ekonazorat» axborot tizimida yuridik shaxslar, jismoniy shaxslarning barcha maʼlumotlari kiritilgan holatda oʻsha jarima sanksiya miqdorlari ham raqamlashtiriladi», - dedi Ekopolitsiya boshqarma boshligʻi Nodirbek Jamburboyev.
Jahon banki transport ulushi 16 foizligini aytgan. Nega avtomobillarga eʼtibor kuchli?
Doniyor Turgʻunovning taʼkidlashicha, «Toza havo» faqat transport vositalariga qaratilgan loyiha emas. Unda sanoat korxonalari, issiqxonalar, isitish tizimlari, qozonxonalar va issiqlik elektr stansiyalari kabi boshqa ifloslanish manbalari ham qamrab olingan.
«“Toza havo” faqat transportga qaratilmagan. Loyihada barcha turdagi ifloslanish manbalari, jumladan, sanoat korxonalari, issiqxonalar, isitish tizimlari, qozonxonalar va issiqlik elektr stansiyalari boʻyicha ham ishlar olib boriladi», - dedi u.
Mutasaddining tushuntirishicha, transport ulushi yillik oʻrtacha koʻrsatkich asosida baholanadi. Biroq yilning turli davrlarida havo ifloslanishiga taʼsir qiluvchi manbalar ulushi oʻzgarishi mumkin.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning aytishicha, Jahon bankining 2023-yildagi tadqiqotida transportning PM2.5 ifloslanishidagi ulushi yillik 16 foiz deb koʻrsatilgan. Biroq bu koʻrsatkich mavsumga qarab oʻzgaradi: yoz oylarida tabiiy changning taʼsiri yuqori boʻlsa, qish oylarida antropogen omillar kuchayadi.
«Avtomobil sektori bizda barqaror: Toshkentda 1 millionga yaqin avtomobil muntazam har kuni, yilning 365 kunida harakatlanadi va doimiy ravishda ifloslantiruvchi moddalar chiqaradi. Shu sababli asosiy kurash obyektlaridan biri baribir avtomobil sektori hisoblanadi», - dedi u.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, kuz-qish mavsumida inversiya, shamolsiz ob-havo va qurgʻoqchilik kuzatilganda chang havodan chiqib ketmaydi. Bunday sharoitda avtomobil harakati changning qayta koʻtarilishiga taʼsir qiluvchi omillardan biriga aylanadi.
«Shu sababli “Avtomobilsiz kun” aksiyasi joriy etilgan. Mutaxassislar bu aksiyaga yoz oylariga qaraganda kuz-qish oylarida koʻproq amal qilishimiz kerak, deb hisoblaydi. Chunki 16–20 foiz ham kichik qiymat emas. Bundan tashqari, avtomobildan faqat PM2.5 zarrachasi emas, balki aholi salomatligiga taʼsir qiluvchi boshqa zararli zarrachalar ham chiqadi», - dedi Erkin Abdulahatov.
Chang va isitish tizimlari boʻyicha qanday choralar koʻriladi?
Doniyor Turgʻunovga koʻra, «Toza havo» doirasida yirik ifloslanish manbalarini aniqlash, ularga avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish va maʼlumotlarni yagona platformaga integratsiya qilish koʻzda tutilgan.
Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, Markaziy Osiyoning 60 foizdan ortiq qismi tabiiy chang taʼsirida. Biz “chang kamari”da joylashganmiz. Shu sababli “Yashil makon” doirasida faqat daraxt ekish emas, balki changni ushlab qolishga qaratilgan yashil hududlar va yashil belbogʻlar barpo etish ishlari ham olib borilmoqda.
Bundan tashqari, janubiy Qozogʻistondagi issiqxonalar faoliyatining Toshkent havosiga taʼsiri boʻyicha ilmiy tahlillar olib borilmoqda. Qancha miqdorda ifloslantiruvchi moddalar chiqarilayotgani, ular qaysi meteorologik sharoitlarda Toshkentga yetib kelishi va taʼsir darajasi oʻrganilmoqda», - dedi u.
Shu sababli yashil hududlar va himoya daraxtzorlari barpo etish orqali changning aholi yashash hududlariga kirib kelishini kamaytirish choralari ham koʻrilmoqda.

