Mahalliy

“90 foiz huquqlarimizni bilmaymiz”. Huquqlarimizni bilmaslik nimalarga olib keladi?

Huquqshunos Jahongir Mutalibovning fikricha, huquqlarning ta’minlanishida savodxonlikning o‘zi yetarli deb hisoblamaydi, jarayonda huquqiy madaniyat ham muhim. U davlatning mas’uliyati ko‘proq, deb hisoblaydi. 'Davlatimiz katta vazifani zimmasiga olishi kerak', deydi huquqshunos. Gazeta’da mavzu muhokamasi.

"90 foiz huquqlarimizni bilmaymiz". Huquqlarimizni bilmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

Insoniyatning ikki ming yillik tajribasi shuni ko'rsatadiki, fundamental savodxonlikning ahamiyati beqiyosdir. Bugungi kunda zarur bilimlarga ega bo'lmaslik insonning muhim qarorlar qabul qilishiga va o'z imkoniyatlaridan to'liq foydalanishiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Masalan, agar yashab turgan uyingizga bir mansabdor shaxs "tozalik reydi" bahonasida kirib, sizni jarimaga tortmoqchi bo'lsa-yu, siz jim qolsangiz, bu yerda nimadir noto'g'ri ketayotgan bo'lishi mumkin. Aynan nima noto'g'ri ekanini anglash bazaviy huquqiy bilimga ega bo'lishdan boshlanadi.

Shu sababli, Gazeta insonlarga o'z huquqlarini yaxshiroq anglashlari, shu orqali o'zlarini himoya qilishlari va xavfsizroq, ishonchliroq yashashlari uchun yangi loyiha – "AdvoKast" huquqiy podkastini ishga tushirdi.

Podkast davomida huquqshunoslar bilan kundalik hayotimizda uchraydigan turli vaziyatlar va ijtimoiy munosabatlarning qonunchilikdagi huquqiy bahosi haqida suhbatlashiladi.

Ko'rsatuvning ilk sonida huquqshunos Jahongir Mutalibov huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatning mohiyati, bu ikki tushunchaning ahamiyati va inson nega o'z huquqlarini bilishi kerakligini tushuntirishga harakat qildi.

— Jahongir aka, avvalo taklifimizga rozi bo'lganingiz uchun rahmat. Suhbat boshida kirish qismi uchun huquqiy savodxonlik nima ekanini tushuntirib bera olasizmi? U nega kerak?

— Shunday yaxshi ko'rsatuv boshlaganingiz uchun sizga rahmat. Sababi odamlarga huquqiy savodxonlik suv va havodek zarur desam, noto'g'ri bo'lmasa kerak. Chunki inson tug'ilishidan boshlab, garchi u o'zini anglamasa-da, ma'naviy va moddiy yordamdan tashqari, huquqiy yordam ham kerak bo'ladi va u keyinchalik doimiyga aylanadi. Bugungi kunda fuqarolarning huquqlari mamlakat Konstitutsiyasi, qonunlari, kodekslari, prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki qaysidir organlarning aholi uchun chiqarayotgan hujjatlarida aks ettiriladi. Ana shu huquqlardan xabardor bo'lish savodxonlik deyiladi. Ya'ni siz qanchalik ko'p qonunlar, avvalo shaxsiy, ya'ni o'zingizga tegishlilarini bilib borishingiz huquqiy savodxon bo'la boshlaganingizni anglatadi. Uning yetarli darajada bo'lishi yoki bo'lmasligi muhim emas, muhimi shu ilmga ega bo'lishdir.

Ayniqsa, bugungi XXI asrda dunyo shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Biz xorijiy mamlakatlar bilan juda ko'p munosabatlarga kirishyapmiz. Oldin munosabatlarga davlatlar yoki faqat siyosiy institutlar darajasida kirishilgan bo'lsa, hozir fuqarolar darajasida ham munosabatlarga juda ko'p murojaat qilinmoqda. Ko'p odamlar safarga chiqmoqda, chegaralarni bosib o'tmoqda, muayyan bir mehmonxonalarda to'xtab, dam olmoqda yoki konferensiyalarga bormoqda, O'zbekiston hududining o'zida ham u viloyatdan bu viloyatga migratsiya qilish bor. Bu jarayonlarning barchasida odamning o'zini himoya qiluvchi vositasi – bu huquq. Boisi, bugungi kunda yoningizda qurol olib yura olmaysiz, unday davr emas. Sizning qurolingiz – huquq. Shuning uchun garchi tinch hayotda yashayotgan bo'lsak ham, huquqiy savodxonlik har bir insonga suv va havodek zarur.

Har bir inson muammoli vaziyatga kirib qolishi mumkin. Bunda nizoga chuqur kirib ketmaslik uchun huquqni bilish kerak. Avvalo o'z huquqingizning chegarasini buzmaslik va siz nizoga kirishayotgan yo odam, yo tashkilot, yo bir korxonaning huquqlarini poymol qilmaslik yoki aksini kuzatmaslik uchun huquqiy bilimlar kerak. Oddiygina oila munosabatida ham kuzatyapmiz.

Er-xotin o'rtasidagi ziddiyat, aytaylik, er erligi uchun yoki oilani boquvchisi bo'lgani uchun haddan tashqari huquqlarim bor degan fikrga kelib qoladi. Ochiq-oydin buyruq, tazyiqlar qilishadi. Hatto, ba'zida ayollar ham turmush o'rtoqlarini urib, jarohat yetkazib yoki unga nisbatan qandaydir noqonuniy ishlar, fitnalar uyushtirib, mol-mulkini tortib olish holatlari bo'lmoqda. Farzandlar ota-onaga nisbatan, ota-ona farzandlarga nisbatan qilayotgan ishlari uchrab turibdi. Har bir oila a'zosi huquqining chegarasini bilsa, ham o'zini, ham ikkinchi tarafni himoya qilgan bo'ladi. Huquqiy bilimlarga ega bo'lish nizo chuqurlashib ketishining, qolaversa, sud va unga xarajatlar, asabbuzarliklar kabi jarayonga yetib bormaslikning ham oldini olishi mumkin.

— Huquqni bilmaslik qanday muammolarni keltirib chiqaradi?

— Huquqni bilmaslik, avvalo, yo'q joydan nizoga kirib ketishga sabab bo'ladi. Deylik, nizo bo'lib turibdi, siz esa huquqiy bilimga ega emassiz, suhbat chog'ida o'zingiz bilmagan holda ikkinchi tarafni haqorat qilib qo'yishingiz yoki qandaydir laqab bilan murojaat qilib yuborishingiz mumkin. Laqab bilan atash ham haqorat hisoblanadi. Masalan, kimdir sochini olgan bo'lsa, "kalsan sen" deb yuborishi mumkin. Kimningdir bo'yi pastroq yoki ko'zida nuqsoni bo'lsa, qaysidir nom bilan atashi mumkin. Shularni aytib, odamning yuziga solish ham haqorat qilish sanaladi.

"Ha, o'zida bor narsa bilan chaqiryapman-ku, yo'q narsani to'qib aytmayapman" desangiz ham, narigi odamga haqorat bo'lib tuyuladi. Bularning barchasi – huquqiy chegaralardir. Nima uchun shu chegaralarni bilmaymiz? Chunki savodxonligimiz yetishmaydi. Shu haqdagi adabiyotlarni o'qimaymiz, ilmiy munozaralarni eshitmaymiz. Oxir-oqibatda qanday qilib nizoga kelib qolganimizni bilmaymiz. Ertaga haqoratlangan odam sudga murojaat qilsa, unga bir necha millionlab jarimalar solinishiga sabab bo'ladi.

— Bugungi kunda qaysi turdagi huquqbuzarliklar ko'proq uchraydi?

— Barcha turdagi munosabatlarda nizolar judayam ko'payib ketdi. Mehnat nizolari deysizmi yoki xizmat ko'rsatish sohalari, oldi-sotdi munosabatlari, iste'molchilarning huquqlari yoki qarz oldi-berdi, kredit, oilaviy munosabatlar soni juda ham ko'p. Ularning soni o'n minglabga o'tib ketib qoldi. Aholi soni ham ortib bormoqda. Odamlarga huquqiy bilimlar juda kam beriladi. Maktabda ham o'qituvchilar yetishmaydi. Huquqiy sohada o'qituvchi institutlar soni ham endi ko'payib bormoqda. Lekin baribir ta'lim berish ustida ko'proq ishlanishi lozim.

Chet el tajribasiga murojaat qilsak, ular ta'limni bog'chadan boshlaydi. Unda ham quruq dars berish emas, vaziyatlarni yaratib tushuntirishadi. Masalan, ota-ona o'rtasida urush qanday bo'layotgan bo'lsa, bu to'g'rimi yoki noto'g'ri, yosh bola bilan katta odam o'rtasidagi munosabatda hurmat chegarasi to'g'rimi yoki xato – degan savollar bilan ssenariy o'yinlar qilib ko'rsatib berishadi. Bolalar shunga uqtirib boriladi.

Bizda shu narsalar ustida ishlanishi kerak. Ta'lim standartlariga shular kiritilishi lozim. Shunda nizolar keyinchalik kamayib borishi mumkin. Mehnat munosabatlarida juda ham nizo ko'p. Deylik, odamlarga vizual ko'rish osonroq bo'lgani uchun bu borada televideniyeda qandaydir o'yinlar, ko'rsatuvlar qilib, nima mumkin, nima esa mumkin emasligini ko'rsatish mumkin. Unaqa yo'q hali. Yoki qandaydir kinolar, animatsiyalar ishlab chiqish mumkin, bu ham passiv harakat, esda qolishi oson. Bularni ishlash uchun ham yuridik ma'lumot kerak. Shuning uchun ham ta'lim sohasida dars beruvchi mutaxassis yurist bo'lishi zarur.

— Umumiy kontekstda ayni shu qismi uchun xulosa qilsak, huquqbuzarliklar huquqiy savodxonlikning yetishmasligi sabab yuzaga keladi. Ya'ni odamlar qaysi huquqlarini ko'proq bilmaydi deganda mehnat munosabatlari, savdo-sotiq bilan bog'liq huquqlar, shularni aytsak bo'ladimi? Shundaymi?

— To'g'ri. Lekin, menimcha, odamlar 90 foiz huquqlarini bilmasa kerak. Chunki o'qimagan, maktabda darsga kirmagan yoki tushunmagan, bu menga kerakmas deb o'ylagandir, balki. Shunday qilib borib-borib, ilmlarni vaqtida ololmagan, endi qarasaki, ular kerak. Endi uni qayerdan olishni bilmaydi. Kitob o'qishga vaqti va toqati yo'q. Kitoblar ham talabga javob bermaydi. Yaxshiyam, sun'iy intellekt degan narsa chiqib qoldi. So'rab o'rgansa bo'ladi, lekin shundan ham o'rganmayapmiz, afsuski.

— Lekin shu joyda bir muhokamali nuqta ham bor-da, Jahongir aka. Ya'ni huquqiy madaniyatning roli haqida ham gaplashaylik. Faqat savodxon bo'lgan inson ham huquqlarini to'laqonli ta'minlashda faol ishtirok eta olmay qolishi mumkin. Bunda amaliyotga, aniqrog'i huquqiy madaniyatga ko'proq murojaat qilinadi. Lekin huquqiy madaniyat va huquqiy savodxonlikni ko'pchilik bitta tushuncha sifatida ko'radi. Bu ikkalasining o'rtasida farq bormi, shu haqida gaplashsak.

— Menimcha, ikkalasi – ikki xil narsa. Huquqiy savodxonlik – bu huquqiy ilmlarga ega bo'lish. Huquqiy madaniyat esa ega bo'lgan shu ilmlarni amaliyotda qo'llash. Ya'ni biri nazariya bo'lsa, ikkinchisi amaliyot. To'g'ri, huquqni umuman bilmagan odam odob-axloqli, madaniyatli bo'lsa, muayyan nizoga kirmasligi mumkin. U huquqni bilgani uchun kirmayapti emas, u madaniyatli bo'lgani uchun, odob nuqtai nazaridan "shunga kirsam nizo kelib chiqmasin, qo'y" deb chetroq yurishi mumkin, shunday toifadagi odamlar toifasi ham bor. Lekin huquqiy madaniyatda qaysidir nizoga aralashmasangiz ham bo'lmaydi. Bo'lmasa, insoniylikdan chetga chiqqan bo'lasiz. Aytaylik, hammamiz emas, ko'pchilik avtomashina boshqaradi. Yo'l qoidalari bor. Yo'l qoidalarini ko'pchilik biladi. Lekin bila turib qizilda o'tadi, bila turib piyodaga yo'l bermaydi. Ya'ni bilib turib qiladi. Demak, huquqiy savodxonlik bor, lekin madaniyat yetishmaydi, uni qo'llay bilmaydi. Undaylarni huquqiy madaniyatsiz desak bo'ladi.

Yaqin Sharqdagi rivojlangan mamlakatlardan birining qaysidir rahbari bizga o'xshagan rivojlanib kelayotgan mamlakatlarga borgan ekan-da, borsa, odamlar yo'l qoidalariga amal qilmasdan yurganini ko'ribdi. Keyin bu mamlakat bilan men shartnoma qilishni xohlamayman debdi. Nimaga desa, bular qonuniga bo'ysunmayapti-ku, oddiy yo'l harakati qoidalariga bo'ysunmayapti-ku. Ertaga meni shartnomamni ham to'liq bajarishiga men ishonmayman, degan ekan. Ko'ryapsizmi, huquqiy madaniyat tashqaridan qanday tasavvurni paydo qiladi. Shuning uchun ham huquqiy madaniyat juda ham zarur.

Oddiy oldi-sotdi munosabatlarini olsak, hozir ayrim do'konlarga kirsangiz, sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi, deydi. Vaholanki, iste'molchilar to'g'risidagi qonunda har bir tovarni nomenklaturasi va xususiyatidan kelib chiqib, qaytarib berish shartlari bor. Yana huquqiy savodxonlikka qaytamiz. Deylik, mahsulot sotib olgach, keyin uni qaytargisi kelib qolsa, lekin chekni olmagan bo'lsa, u do'kondan olganini isbotlay olmaydi. Shu joyda huquqiy savodxonlik yetishmagan, uning ortidan esa madaniyatni qo'llay olmagan bo'ladi. Bu iste'molchining o'ziga zarar keltiradi.

— Ya'ni savodxonlik haq-huquqlarini bilish, madaniyat esa o'sha huquqlarni qanday talab qilish va qo'llay olish ekanini anglatadi. Xo'p, O'zbekistondagi huquqiy savodxonlikni qanday baholaysiz?

— O'zbekistonda huquqiy savodxonlik o'tgan 20-30 yildan beri ancha ko'tarildi deb hisoblayman. Chunki bu borada bir qadar tegishlicha ta'lim berilmoqda, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy ko'rsatuvlar qilinmoqda, advokatlar qonunni sharhlab chiqishmoqda, qonunchilik hujjatlari uchun raqamli platforma – Lex.uz sayti, Advance.uz degan saytlar chiqdi, turli xil Telegram botlar ishlamoqda. Mana shular orqali huquqiy bilimlar berilgani hisobiga ancha odamning ilmi oshdi. Lekin bu hali ham yetarli emas. Jarayonda uni qo'llay olish amaliyoti, madaniyat ham bo'lishi lozim. Hozir huquqiy bilimlarimizni oshirishga ehtiyojimiz katta.

— Tushunarli. Fuqaroning huquqi buzilganda u kimga murojaat qilishi kerak? Buni tartibi qanday o'zi va siz bu borada nimalarni tavsiya qilasiz?

— Avvalo, internet tarmog'i va sun'iy intellektdan foydalanishni tavsiya qilaman. Erinmasdan muammoni yozib, qaysi huquqlari buzilgani yuzasidan savol jo'natilsa, bepul ma'lumot beriladi. Dastlabki bazani olish birinchi navbatda shuni qulay degan bo'lardim. Oddiy bir huquqshunosga borib, vaziyatingizni aytsangiz va maslahat so'rasangiz, unga yaxshigina summa to'lashingizga to'g'ri keladi. Shuning uchun, avvalo o'ylaymanki, qo'lda bor, bepul bo'lgan vositalarga murojaat qilish kerak. Sun'iy intellekt 100 foiz bo'lmasa ham, 80 foiz to'g'ri javobni beradi. Faqat topshiriqni yozayotganda O'zbekiston qonunchiligiga murojaat qilish so'ralsa, kifoya.

Shundan keyin SI (sun'iy intellekt)dan qaysi organga borib, maslahat olish mumkinligini ham so'rasa bo'ladi. O'zbekistonda fuqarolar murojaat qilishi mumkin bo'lgan organ – bu IIV, Bosh prokuratura va sud. Sudlar taalluqliligiga qarab fuqarolik, ma'muriy yoki jinoyat ishlari bo'yicha bo'lishi mumkin, uni aniqlashtirish kerak bo'ladi. Ma'muriy sud ham ikkiga: ommaviy va xususiy ma'muriylarga bo'linadi. Ya'ni ommaviy deganda davlat bilan, xususiy deganda fuqarolar o'rtasidagi munosabatlarga taalluqli ishlar bo'ladi. Ammo aksariyat hollarda fuqarolar sudga murojaat qilganda sansolarlikka duch kelyapman deb o'ylaydi.

Lekin sudga borganda, unga dalil yig'ish, isbotlab berish kerak bo'ladi. U bilan shug'ullanadigan alohida organ bor. Shuning uchun suddagilar ham istasa, istamasa murojaat qilganni boshqa organga jo'natadi. Chunki ular to'g'ridan-to'g'ri arizangizni qabul qila olmaydi. Bularni dastlab ichki ishlar organlari yoki taalluqli organ ko'rib chiqib menga material qilib beradi deydi. Ya'ni dalillar yig'iladi, ayrim keyslar isbotlanadi yoki isbotlanmaydi, sud barchasiga oxirida yakuniy huquqiy xulosa yasab beradi. Bugungi kunda sudlarning ham ishi ko'p. Har bir kelgan fuqaroga ham tushuntirish imkonsiz.

— Shu joyini yakunlaylik, suddan javob ololmasa, qayerga borib murojaat qilish kerak?

— Butun O'zbekistonda qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi organ – prokuratura. Bosh prokuraturaga borsangiz, ular fuqaroni har doim qabul qiladi, murojaatingizni tinglab, hech bo'lmasa kimga borish kerakligi bo'yicha yo'l-yo'riq ko'rsatadi.

— Muammolarga ko'proq kimlar yuzlashadi?

— Muammo turiga qarab aniq bir qatlamni ajratib bo'lmaydi, istalgan odam unga duch kelishi mumkin. Hozir shu yerdan chiqib, mashinangizni oldiga boshqa mashina qo'yib ketilgan bo'lsa, asabiylashishni boshlaysiz. O'sha mashina egasiga "akajon, judayam shoshilayotgandim, bekor qilibsiz-da" deb muomala qilmaysiz, to'g'rimi? E, kimsan, farosating bormi seni o'zi deb boshlaysiz. U muomala unga ham yoqmaydi, keyin nizo boshlanadi. Sen kimsan o'zing deydi.

Demak, muomala madaniyatimiz yaxshi emasligining oqibatida o'rtada nizo kelib chiqmoqda. Sabrimiz yo'q, bir-birimizni tushunish yo'qolib bormoqda. Davlat hokimiyati organlariga borib qarasangiz, hamma asabda. Nimaga? Chunki ishi shunday, yig'ilishlarda berilayotgan topshiriqlar, topshiriqlar vaqtida bajarmayotgani uchun kamchiliklar kelib chiqmoqda, uni hal qilguncha hech kim sabr qilmayapti, hamma bir-biriga baqiryapti, ijtimoiy tarmoqqa qo'yib yuboryapti. Hammasi oxir-oqibatda sabrsizligimiz, huquqiy madaniyatimiz yetishmayotgani, kundalik turmushda odob-axloqimiz yetishmayotgani oqibatda yomon vaziyatga tushib qolayotganga o'xshaymiz.

— Buni rad qilish rostdan ham adolatsizlik bo'ladi, menimcha, lekin yana bir nuqtasiga e'tibor qaratishingizni xohlardim, Jahongir aka. Ya'ni davlat hokimiyati yoki huquq-tartibot organi vakillari tomonidan suiiste'mol qilish holatlari ham bo'lganmi, shu sababli ham ikki tomonda nizolar yuzaga kelgan bo'lishi mumkinmi?

— Suiiste'mol bo'layotgan holatlarni ijtimoiy tarmoqlardan ham ko'ryapmiz. Kecha kuni hokim o'rinbosari "men senga ko'rsatib qo'yaman, men davlatman" degan mazmunda chiqish qilmoqda, aynan shu suiiste'mol. Unga davlat ishonib lavozim berdi, ya'ni aholini mushkulini oson qilishga ishtirok etasan dedi, lekin u buni oqlay olmadi. O'zi bir odam davlat bo'la olmaydi, davlat – bu katta bir tizim.

Odamlarni qandaydir qo'rqitish, o'zini aytganini qildirtirish, agar qilmaydigan bo'lsa, ularga qarshi vakolatlarini ishga tushirish ham suiiste'molga kiradi. Lekin bularning hammasidan xabar topishning imkoni yo'q, fuqarolarda esa unga qarshi kurashishda hafsala yo'q. Yoki kimga murojaat qilaman deb huquqiy savodxonligi ham yetmayapti. Bunaqa holatlarda qanchadan qancha latent (yashirin) jinoyatlar, huquqbuzarliklar qolib ketyapti. Buni hammasini birdaniga tuzata olmaymiz. Bunga yillar kerak. Lekin bu yillar ham quruq o'tib ketaverishi kerak emas.

10, 20, 30 yillik uchun odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish bo'yicha dasturlar ishlab chiqish kerak. Qanday qilamiz? Umumiy aholimiz savodxonligi bugungi kunda qancha, nega bunday bo'lyapti – barcha savollarga javob topib, rejali ishlarni ishlab chiqish kerak bo'ladi. Buning bosh qotirishimiz kerak. Chunki agar huquqiy savodxonligimiz oshmaydigan bo'lsa, 50 yildan keyin ham hech narsa o'zgarmaydi. Iqtisod rivojlanishi mumkindir, balki. Lekin huquqiy savodxonlik va madaniyat ustida ishlanmasa, qancha muddat o'tmasin, ilmsiz bo'lib qolaveramiz.

Davlatimiz katta vazifani zimmasiga olishi kerak. Sababi oilalarda ham huquqiy savodxonlik yetarli emas. Boshlanishiga davlat tomonidan muayyan bir guruh shakllansa yoki komissiya tuzilsa, shuning tartibini ishlab chiqishi mumkin. Shu jarayonda bilim berilgan yoshlar oila quradigan yoshga yetgandan keyin mas'uliyatni ularga ko'proq yuklasa bo'ladi.

— Bu jarayonda asosiy uchta qadamni qanday ko'rasiz?

— Birinchi navbatda tarbiyani bog'chadan boshlash kerak. Tushunchalar bola anglaydigan darajada bo'lishi kerak. Undan keyin maktablarda huquqiy savodxonlik darslari o'tilishi, jamiyatda yurish-turish qoidalari o'rgatilishi kerak bo'ladi. Keyingi qadam oilada bo'ladi. Bolalarga kattalar oldin namuna bo'lishi, keyin yoshlardan talab qilishimiz kerak. Hozir bizda huquqiy madaniyat kattalarda haminqadar. Nima qilsak 20 yildan keyin odamlarimiz boshqacha bo'ladi, boshqacha yashaydi degan savolga javob izlash kerak. Buning vaqti keldi.

— Odamlar huquqbuzarlikning oldini olish yoki aynan huquqlari ta'minlanishida eslab qolishi kerak bo'lgan bitta gap yoki harakat bo'lsa, sizning versiyangizda qanday bo'ladi?

— Qoidalar deylik, eng zarur qoidalar nimalar deydigan bo'lsak, albatta, huquqiy bilimga ega bo'lish. Ya'ni buning o'zi qonun buzilishi ekanligini anglash kerak. Buning uchun ilm kerak. Biz jinoyatni tushunamiz, bu jinoyat deymiz, lekin jinoyatdan tashqari munosabat ham bor. Ularni ham hech bo'lmasa oz-ozdan bo'lsa ham o'rganish kerak. Oz-ozdan Konstitutsiyani o'qib qo'yish, o'zining shaxsiy doira huquqlarini o'rganib borish kerak.

Ikkinchisi, muayyan nizo kelib qoldi, nizo bo'lyapti. Ana shu nizoda sizni himoya qiladigan narsa – dalil. Dalil to'plashni bilish kerak. Falonchi meni urdi, so'kdi, deyishdan oldin shuni ertaga qanday qilib isbotlab beraman degan savolni ham o'ylash kerak. Video yoki audiofiksatsiyalar bilan dalil to'plashni o'rganishimiz lozim. O'zingizga qarshi har qanday tajovuzga qarshi dalil to'plashga haqqingiz bor. Sizni cheklovchi vosita – faqatgina kimnidir zimdan sharmanda qilmaslik.

Uchinchidan, qarz oldi-berdi bo'lyapti. Aka-uka, opa-singillar, ota-ona o'rtasida ham nizolar ko'p. Biror jarayon hujjatlashtirilmay qolinadi. Oddiy bitta tilxat yozib bering yoki shu haqda bir yozib olay desa, menga ishonmaysanmi deydi. Xullas, maqsad yozmasa bo'ldi deb qolishyapti. Shuni chiroyli tushuntirib, yozib qolaylik, ishonaman. Lekin har xil vaziyatlar bo'lyapti, nizo kelib chiqib qolyapti, shuning uchun yozib qo'ysangiz to'g'riroq bo'ladi, mening ham qalbim xotirjam bo'ladi, siz ham ertaga turli gumondan uzoqda bo'lasiz deyish kerak. Buning uchun dalil bilan mustahkamlashni o'rganishimiz kerak. Shu madaniyat bizda judayam kam. Men ishonibman unga, bunaqa bo'ldi deb o'ylamabman deydi.

Bundan tashqari, imzo qo'yilayotgan har qanday hujjat bilan tanishib chiqish kerak. Men aminmanki, 99 foiz odamlarimiz mehnat shartnomasini o'qimagan bo'ladi. Qo'l qo'yib yuborgan. Ishga suhbat o'tdi, yoqdingiz, haqiqatda sizga faloncha miqdorda oylik beramiz desa, bo'ldi, xursand bo'ldi, og'zaki kelishuv bo'ldi. Og'zaki kelishuvda detallar kelishilmaydi: mehnat ta'tili qanaqa bo'ladi, bayram kunlari, ish, dam olish qanday bo'ladi yoki belgilangan vaqtdan ortiqcha ishlasam, menga qanday haq to'lanadi, u haqida hech kim so'ramaydi. Yo so'ragani uyaladi. Hushyor bo'lmaganimiz, huquqiy bilim yetishmagani sabab nizolarga kirib qolyapmiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.