«64 kishidan faqat uch kishi tirik qoldi». Oʻzbekistonda Rossiya koloniyasidan Ukrainadagi urushga yuborilgan erkak sudlandi
Qashqadaryo viloyatida bir erkakka yollanma jangchilik uchun 4 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Uning soʻzlariga koʻra, jismoniy va psixologik bosimdan soʻng u Rossiya koloniyasidan Ukrainaga qarshi urushga yuborilgan. Sud erkakning harbiy kontraktni majburan imzolaganiga qoʻshildi.

«64 kishidan faqat uch kishi omon qoldi». Oʻzbekistonda Rossiya koloniyasidan Ukrainadagi urushga yuborilgan erkak sudlandi
Qashqadaryo viloyatida erkakka Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sudda u shartnomani imzolashga majburlanganini bildirdi.
A. N. Rossiyaga ishlash uchun ketib, u yerda qurilishda mehnat qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, keyinchalik Telegram orqali bir shaxs bilan tanishgan va uning koʻrsatmasi bilan belgilangan geolokatsiyalar boʻyicha psixotrop moddalarni yetkazib berishni boshlagan. 2023 yilda, u boshqa bir shaxsga tabletkalarni topshirayotganda, Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan qoʻlga olingan.
Sudlanuvchining aytishicha, oʻsha yilning aprel oyida Rossiya sudi uni psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
U jazoni Tambovdagi 5-sonli axloq tuzatish koloniyasida oʻtagan. A. N.ning soʻzlariga koʻra, muassasa xodimlari uni sababsiz kartserga yuborishgan, ogʻir jismoniy mashqlarni bajarishga majbur qilishgan, kechalari uxlashga qoʻyishmagan va Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlashgan. U shuningdek, koloniya xodimlari uning musulmon ekanini bila turib, ataylab choʻchqa goʻshti bilan ovqatlantirishganini taʼkidladi.
2025 yil sentyabr oyida u shartnoma imzolagan va Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinidagi poligonga yuborilgan. U yerda unga harbiy forma, AK-74 avtomati berilgan va 30 kunlik tayyorgarlikdan oʻtkazilgan.
Sudlanuvchi bevosita jangovar harakatlarda qatnashganini inkor etdi. shunga qaramay, sud uning 2025 yil 1 sentyabrdan oktyabr oxirigacha «maxsus harbiy operatsiya»da ishtirok etganini aniqladi.
A. N.ning soʻzlariga koʻra, oktyabr oyi oxirida u boshqa ikki erkak bilan birga poligondan qochib ketgan, shundan soʻng Moskvaga yetib olib, yana qurilishga ishga joylashgan.
Shuningdek, sudlanuvchi urushda qatnashish uchun poligonga majburan yuborilgan 64 nafar oʻzbekistonlikdan faqat uch kishi qochib, tirik qolganini, qolganlari esa halok boʻlganini taʼkidladi. Ushbu maʼlumotlar hukmda uning koʻrsatmalari sifatida keltirilgan.
Erkakning xotini sudga maʼlum qilishicha, 2025 yil sentyabr oyida eri unga urushda qatnashish majburiyati evaziga koloniyadan ozod qilinganini aytgan. Ular audio va videoqoʻngʻiroqlar orqali aloqada boʻlib turishgan. Erkak harbiy formada, qurol bilan tushgan fotosuratlarini yuborgan. Oktyabr oyida u xotiniga qochib ketganini va Moskvada ekanini aytgan.
Qochganidan keyin A. N.ning xorijga chiqish pasporti boʻlmagani sababli, u Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, xodimlar qaytish guvohnomasi yetti kundan keyin tayyor boʻlishini aytishgan. Biroq u kutib oʻtirmagan va tanishlari orqali soxta hujjat olgan.
2025 yil noyabr oyida u Novosibirskda qoʻlga olingan. Tolmachyovo aeroportida guvohnoma soxta ekani aniqlangan. Joriy yilning 25 mayiga qadar A. N. vaqtincha saqlash hibsxonasida boʻlgan.
Keyinchalik Oʻzbekiston elchixonasi unga vataniga qaytish uchun haqiqiy guvohnoma rasmiylashtirib bergan, shundan soʻng u Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan.
Dastlab A. N.ga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanmachlik) va 154−1-moddasi 1-qismi (Xorijiy davlatning harbiy xizmatiga kirish) boʻyicha ayblov ilgari surilgan edi.
Sud muhokamasi yakunlariga koʻra, sud ikkinchi ayblovni chiqarib tashladi. Hukmda taʼkidlanishicha, bunday xizmatga kirish ixtiyoriy qarorni nazarda tutadi. Sud A. N.ning shartnomani jismoniy va psixologik tazyiq ostida, majburan imzolaganini aniqlangan deb topdi.
Shu bilan birga, sud uni yollanmachlikda aybdor deb topdi.
Jazo tayinlashda, deyiladi hukmda, erkakning urushdagi ishtirokini oʻz ixtiyori bilan toʻxtatgani va qochib ketgani, pushaymon boʻlgani, oilaning yagona boquvchisi ekani va toʻrt nafar farzandni boqayotgani inobatga olindi.
Sud A. N.ga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Unga ish yoki oʻqish vaqtidan tashqari uydan chiqish taqiqlanadi. Bundan tashqari, unga restoranlar, qahvaxonalarga tashrif buyurish, ommaviy tadbirlarda qatnashish va spirtli ichimliklar isteʼmol qilish, shuningdek, yashash joyini oʻzgartirish va Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqish mumkin emas.

