Mahalliy

“Tasodifan minani bosib oldim”. Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan namanganlik erkakka sud hukmi o‘qildi

“Tasodifan minani bosib oldim”. Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan namanganlik erkakka sud hukmi o‘qildi

Rossiya—Ukraina urushida Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida janglarda qatnashgan namanganlik 56 yoshli erkak sud qarori bilan 4 yilga ozodligidan mahrum etildi.

“Daryo” tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, 1970-yilda tug‘ilgan erkak 2024-yil oktyabr oyida ish izlab Rossiyaning Vladimir viloyatiga borgani va u yerda yog‘ochga ishlov berish bilan shug‘ullangani qayd etilgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan uning mamlakatda bo‘lish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yangilashning imkoni bo‘lmagan. 2025-yil mart oyida hujjatlari yo‘qligi sababli politsiya tomonidan ushlanib, ikki sutka hibsxonada saqlangan.

Sudlanuvchining aytishicha, unga Rossiya armiyasida xizmat qilish taklif qilingan. Ayrim hujjatlarga imzo qo‘ysa, hibsxonadan chiqarilishi bildirilgan.

“Bir ayol hujjatlarga imzo qo‘ysam, meni ozod qilishlarini aytdi. 10 kundan so‘ng harbiy xizmat shartnomasini imzolaganimni va Ukrainaga qarshi janglarga borishimni aytishdi. Qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganimda esa ortiqcha harakat qilmasligimni uqtirishdi”, deydi Sh.G‘. suddagi ko‘rsatmasida.

Oradan 10 kun o‘tgach, erkak Vladimir shahridagi Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli chaqiruvga qadar tayyorgarlik bo‘limiga borgan. Keyin uni yana besh kishi bilan Qrimdagi harbiy poligonga olib borishgan.

“Tasodifan minani bosib oldim”

Shundan keyin Qrimdagi harbiy poligonga yetkazilgan erkak 10 kunlik tayyorgarlikdan o‘tgan. Rossiya Mudofaa vazirligi uning kartasiga 2 million rubl o‘tkazgan (shundan 1,6 million rublini turmush o‘rtog‘iga yuborgan). Qolgan 400 ming rublini esa shaxsiy ehtiyojlari uchun olib qolgan. Unga qurol-yarog‘ va maxsus anjomlar berilib, jang maydoniga yaqin hududdagi askarlarga oziq-ovqat va suv yetkazib berish vazifasi yuklatilgan.

2025-yil 24-iyun kuni soat 05:30 lar atrofida Sh.G‘. Rossiya harbiylariga oziq-ovqat olib ketayotgan paytda minani bosib olgan. Portlash natijasida uning chap oyog‘i og‘ir jarohatlangan.

“Tasodifan minani bosib oldim, oqibatda chap oyog‘imdan qattiq jarohatlandim. O‘zimga birinchi yordam ko‘rsatib, qon ketishini to‘xtatdim va ratsiya orqali yordam so‘radim. Taxminan, bir soat ichida ikki nafar askar kelib, meni olib ketdi”, dedi Sh.G‘. sudda.

Lugansk va Rostov gospitallarida davolangan erkakning chap oyog‘i tizzadan pastki qismidan kesib tashlangan. Keyin Volgogradda davolanishni davom ettirgan, unga II guruh nogironligi berilgan va protez o‘rnatilgan. Shuningdek, jarohati uchun 3 million rubl kompensatsiya olgan. U bu mablag‘ni davolanish va boshqa shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.

2025-yil 11-avgust kuni Sh.G‘. harbiy xizmatdan ozod qilingan. Shundan so‘ng u Rossiyaning Vyazniki shahrida qolgan va O‘zbekistonga qaytishga uringan. Biroq Domodedovo aeroportidan uchib ketishiga ruxsat berilmagan. Keyin Qozog‘iston orqali avtobusda qaytishga harakat qilgan, ammo u yerdan ham Rossiyaga qaytarilgan. U 2026-yil 23-iyun kuni Vnukovo—Namangan yo‘nalishidagi reys bilan O‘zbekistonga qaytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi hukmiga ko‘ra, Sh.G‘. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan aybli deb topilgan. Unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.