Mahalliy

“Qo‘lim qonga botmagan holda vatanimga qaytmoqchi bo‘ldim”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 20 yoshli surxondaryolikning ozodligi 4,5 yilga cheklandi

20 yoshli surxondaryolik Rossiyaga ishlash uchun borgan. Narkotik savdosida gumonlanib, hibsga olingach, Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi urushga yuborilgan. U harbiylarga oziq-ovqat yetkazganini, ikki marta qochishga uringanini aytdi. Sud uni 4,5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

“Qo‘lim qonga botmagan holda vatanimga qaytmoqchi bo‘ldim”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 20 yoshli surxondaryolikning ozodligi 4,5 yilga cheklandi.

22-iyul kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 20 yoshli A.B. ismli fuqaroning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Gazeta sud hujjati bilan tanishib, xabar berdi.

Sudning aniqlashicha, A.B. 2024-yil noyabr oyida Rossiyaga borib, 2025-yil noyabrida Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan va Ukrainadagi janglarda ishtirok etish uchun harbiy xizmatga yollangan. U Donetsk viloyatidagi o‘quv maydonida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, keyin Ukraina askarlariga qarshi janglarga yuborilgan. Sud hujjatida qayd etilishicha, A.B. to‘g‘ridan-to‘g‘ri janglarda qatnashmasdan, safdoshlariga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

2026-yil mart oyida u Rossiya Qurolli Kuchlaridan o‘z xohishiga ko‘ra qochib, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan va “Vatanga qaytish guvohnomasi"ni olgan. 28-mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan. Keyinchalik uning telefonini ko‘zdan kechirish chog‘ida Rossiya harbiy libosida, qo‘lida AK-74 avtomati bilan tushgan fotosurat va videolari aniqlangan.

A.B. sudda aybiga to‘liq iqrorligini bildirib, 2024-yil noyabrida Rossiyaga daromad orttirish maqsadida borganini aytdi. U Moskva viloyatidagi “Yunion food” oziq-ovqat bazasida, keyin esa “Yandex goo"da kurer bo‘lib ishlaganini ma’lum qildi.

“2025-yil oktabr oyi boshlarida sushiga buyurtma oldim. Manzilga yetib kelganimda RF politsiyasi kelib, hujjatlarimni so‘radi. Shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarimni ko‘rsatdim. Ular buyurtma solingan sumkani ochishimni so‘rashdi. Men buyurtmalarni ochish mumkin emasligini aytdim. Politsiya xodimlari mumkin ekanligini aytib, o‘zlari sumkani ochishdi”, — dedi u.

A.B.ning aytishicha, politsiya sumkadan sushi hamda unga noma’lum oq kukunsimon, o‘tkir hidli modda solingan qora paketni topgan. Shundan so‘ng u ushlangan va narkotik moddalar savdosida gumonlangan.

“Meni tergov qilishib, RF JK 228-moddasi 4-qismi, ya’ni narkotik savdosi bilan ayblashib, 2025-yil noyabr oyiga qadar Moskva shahridagi tergov hibsxonasida saqlashdi”, — dedi sudlanuvchi.

“Meni Ukrainadagi urushda qatnashishga undab, zo‘ravonlik o‘tkazishdi”

A.B. tergov hibsxonasida bo‘lgan vaqtida muassasa nazoratchilari uni Rossiya-Ukraina urushida qatnashishga undaganini, buning uchun ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilganini bildirdi.

“Tergov hibsxonasida bo‘lgan vaqtimda muassasa nazoratchilari doimiy ravishda RF-Ukraina urushida qatnashishga undab, ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik o‘tkazib kelishgan. Shundan so‘ng, noiloj 27.11.2025-yilda RF Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzishga majbur bo‘lganman”, — dedi u.

Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2-dekabr kuni u boshqa 50 nafar mahbus bilan birga Rostov shahridagi bazaga olib borilgan. U yerda hujjatlar rasmiylashtirilgan, unga jeton berilgan.

“Bir oyga yaqin harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik”

A.B. keyinchalik ularni Rossiya tomoni nazoratidagi Donetsk hududidagi Shaxtiyorsk shahri Gornoye tumaniga olib borishganini aytdi. U yerda bir oyga yaqin harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

“Harbiy tayyorgarlik vaqtida okopda yurish, o‘q otish, drondan qochish san’atlarini o‘rgatishdi. Harbiy tayyorgarlik tugaganidan so‘ng, menga AK-74 rusumli qurol biriktirishdi, kiyim-kechak hamda bronejilet berishdi”, — dedi sudlanuvchi.

Uning aytishicha, 2026-yil 10-fevralda ular urush chizig‘iga olib borilgan.

“Qo‘lim qonga botmagan holda vatanimga qaytmoqchi bo‘ldim”

A.B. urush chizig‘ida safdoshlari bilan birga harbiylarga oziq-ovqat va kerakli mahsulotlarni yetkazib berganini aytdi. U yerga borganidan keyin hududni tark etishni reja qilganini, janglarda bevosita ishtirok etishdan qochganini bildirdi.

“Urush chizig‘iga borgan vaqtimda bu yerdan tezroq ketishni reja qilganman. Qo‘lim qonga botmagan holda vatanimga qaytmoqchi bo‘lib, ikki marotaba ushbu hududdan qochishga harakat qilganman”, — dedi A.B.

Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, birinchi qochishga uringanida qo‘lga tushgan va 10 kun qamoqda saqlangan. Uning aytishicha, shu vaqtda to‘rt kun davomida oziq-ovqat berilmagan, ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilgan.

“10 kundan keyin shu atrofdagi maktab hududiga olib borishib, sovuq xonaga qamab qo‘yishdi. Shu vaqtda tojikistonlik Ariyol va Zaxar ismli shaxslar bilan tanishib, u yerdan qochishga yo‘l izlay boshladik”, — dedi sudlanuvchi.

“Maktabning ikkinchi qavatidan arqon yasab qochdik”

A.B. 1-mart kuni Ariyol va Zaxar bilan kelishib, maktab binosidan qochganini bildirdi: “Ushbu maktab binosining 2-qavatidan qo‘lbola arqon yasab pastga tushdik va transport vositasisiz qochib ketib, shu atrofdagi buzilgan domlarga yashirindik. Rostov shahrigacha ikki yarim kunda yashirin yo‘llar orqali yetib bordik”.

Uning aytishicha, keyin otasi orqali Muzrabot tumanidan bo‘lgan S.X. bilan bog‘langan va u topib bergan taksida Moskvaga borgan.

“Harbiy kiyim va hujjatlarni axlatga tashlab yubordim”

A.B. Moskvaga yetib borgach, harbiy libosi, harbiy guvohnomasi hamda Rossiya tomonidan berilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni tashlab yuborganini aytdi.

Shundan so‘ng u Moskvadagi ko‘p qavatli uylardan birida ijarada turgan va O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. A.B. 23-mart kuni Vatanga qaytish guvohnomasini olganini, 28-martda esa O‘zbekistonga qaytib kelganini bildirdi.

Sudlanuvchi suddan qilgan ishidan pushaymonligini va oilaviy sharoitini inobatga olib, unga yengillik berishni so‘ragan.

Sud A.B.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi va 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud jazo tayinlashda A.B.ning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, yoshligini, muqaddam sudlanmaganini, oilada yagona boquvchi ekanini, oilaviy sharoitini, sog‘lig‘i buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohati olgani va davolanishga muhtojligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi ham qayd etildi.

A.B.ga JKning 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha 4 yil, 154−1-moddasi 2-qismi bo‘yicha 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jazolarni qisman qo‘shish orqali uzil-kesil 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.

A.B. jazoni Muzrabot tumanidagi yashash joyida o‘taydi. Uning yashash joyidan ishlash yoki o‘qishga borishi va uy-joyiga qaytishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda chiqishi cheklandi.

Shuningdek, unga nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Surxondaryo viloyati hududini tark etmaslik majburiyatlari yuklatildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.