“2030-yilgacha hamma talabalar ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi” — Qoʻngʻirotboy Sharipov

Qoʻngʻirotboy Sharipov: "2030-yilga qadar barcha talabalarning turar joy ehtiyoji toʻliq qondiriladi"
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovning Uz Report TV telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda 2030-yilga borib barcha talabalar uchun yetarli miqdorda yotoqxonalar qurib bitkaziladi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, prezident qarori asosida mamlakatda yotoqxonalar sonini oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
"2030-yilgacha barcha talabalarning ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi. Binolar davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etilmoqda. Hozirgi kunda jami talabalarimizning kamida 20 foizi kunduzgi taʼlimda oʻqiydi va viloyatlardan kelgan. Ularni yotoqxonalarga joylashtirish imkoniyatimiz mavjud. Qolganlari esa ijarada yashaydi va ijara haqining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shu sababli, hozirda yotoqxonada yashasa ham, ijarada tursa ham xarajatlar bir xil boʻladi", — dedi vazirlik rahbari.
Qoʻngʻirotboy Sharipovning taʼkidlashicha, soʻnggi 10 yil ichida respublikada 100 ming oʻrinli yotoqxonalar qurilgan. Taqqoslash uchun, bundan avvalgi 100 yil davomida jami 55 ming oʻrinli turar joy barpo etilgan edi.
"Yotoqxonalar boʻyicha maxsus platforma ishga tushirganmiz. Yotoqxonaga ehtiyoji boʻlgan talabalar avgust oyining 15-kunidan boshlab platformada roʻyxatdan oʻtadi. Birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va imkoniyati cheklangan yoshlar yotoqxonaga joylashtiriladi. Keyin uzoq, chekka viloyatlardagi talabalarga imkoniyat beriladi. Shaharga yaqinlashib kelaveradi", — dedi vazir.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistondagi qator talabalar turar joylari ommaviy savdoga chiqarilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu xabarni rad etib, aslida talabalar yashaydigan xonalar emas, balki TTJ tarkibidagi boʻsh turgan yertoʻla, hovli qismi, oshxona, bufet yoki yotoq joy sifatida foydalanilmaydigan maydonlar ijaraga berilayotganini maʼlum qilgan.

