Qo‘ng‘irotboy Sharipov yangi talabalarga tabrik yo‘lladi
Bugun 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga yakuniy tanlov natijalari — mandat e’lon qilindi

Qo‘ng‘irotboy Sharipov yangi talabalarni qutladi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan yoshlarni tabrikladi.
"Aziz yoshlar!
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga yakuniy tanlov natijalari – mandat e’lon qilindi. Avvalo, talaba bo‘lishga tavsiya etilgan barcha yoshlarni ushbu quvonchli kun bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Bugun sizlar hayotingizdagi eng muhim va unutilmas kunlardan birini boshdan kechirmoqdasiz. Sizning bu natijaga erishishingiz ortida yillar davomidagi izlanish va mehnat, ustozlaringizning sabog‘i hamda ota-onangizning ishonchi turibdi. Bu yutuq – nafaqat sizlarning, balki sizlarni qo‘llab-quvvatlagan oilangiz va ustozlaringizning ham quvonchidir.
Endi oldingizda yangi, yanada mas’uliyatli bosqich – talabalik davri turibdi. Oliy ta’lim dargohida sizlarni yangi bilimlar, yangi do‘stlar, yangi imkoniyatlar va katta maqsadlar kutmoqda. Tanlagan yo‘nalishingizni chuqur egallab, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishingiz, kelajakda mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassis bo‘lib yetishishingizga ishonaman.
Shu bilan birga, talabalikka tavsiya etilmagan yoshlarimiz uchun ham imkoniyatlar eshigi ochiq. Yurtimizning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan texnikumlarda ta’lim olish va zamonaviy kasb egallash imkoniyati mavjud.
Barcha yangi talabalarni yana bir bor samimiy muborakbod etaman!" deyiladi tabrikda.

