2026 yilda «Tashabbusli byudjet» loyihasida 3,6 mingdan ortiq mahalla gʻolib boʻldi

Oʻzbekistonda oʻtgan 11 mavsum davomida «Tashabbusli byudjet» loyihasini amalga oshirish yakunlari sarhisob qilindi. Ushbu davrda umumiy qiymati 25,6 trillion soʻmlik 24 846 ta loyiha gʻolib deb topildi.
2021–2026 yillarda 7 484 ta mahalladagi loyihalar moliyalashtirildi. 2026 yilda 3 667 ta mahalla gʻolib boʻldi, shundan 681 ta mahalla ilk bor gʻoliblikni qoʻlga kiritdi, qoʻllab-quvvatlangan tashabbuslarning 446 tasi esa ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti ogʻir boʻlgan hududlarga toʻgʻri keldi.
Bajarilgan ishlar doirasida 4 414 ta maktab taʼmirlandi va 3 145 ta taʼlim muassasasi jihozlandi, 17 513 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlandi, shuningdek, 1 276 ta tibbiyot muassasasi taʼmirlanib, 1 391 tasi qayta jihozlandi.
2026 yilda deputatlar tashabbusi bilan 495 ta loyiha gʻolib chiqdi. Sheriklik tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirish formatida 152 ta gʻolib aniqlandi, bunda aholining oʻz hissasi 9,8 milliard soʻmni tashkil etdi.

