12 800-yil avval Yerni nima sovitgan: kometami yoki vulqonlar?
Taxminan 12 800-yil avval boshlangan keskin sovish sabablari haqidagi bahsga yangi tadqiqotlar qoʻshildi. Floridadagi choʻkindilarni oʻrgangan olimlar vulqon otilishlari izlarini aniqlaganini bildirmoqda. Grenlandiya muzlarini tahlil qilgan boshqa guruh esa topilmalarni kosmik jism zarbasi bilan bogʻlamoqda. Hozircha bu farazlardan birortasi masalaga uzil-kesil javob bergani yoʻq.

12 800 yil avval Yerni nima sovitgan: kometami yoki vulqonlar?
Kechki drias deb ataladigan sovuq davr soʻnggi muzlanish oxirida boshlangan. Uning sabablarini izohlashga qaratilgan farazlardan biriga koʻra, oʻsha davrda Yerga kometa yoki uning bo‘laklari urilgan bo‘lishi mumkin. 2026-yilda chop etilgan ikki tadqiqot esa bu hodisaga turlicha tushuntirish bermoqda.
Lyusen Nana Yobo rahbarligidagi guruh Floridadagi Peyj-Ladson suvosti arxeologik yodgorligi choʻkindilarini tahlil qilgan.
Bu joyda kechki drias boshlanishini qamrab oladigan, yoshi aniq belgilangan uzluksiz choʻkindi qatlamlari saqlangan. Olimlar ulardagi osmiy izotoplari nisbatini, shuningdek, reniy va moddalarning kelib chiqishini ajratishga yordam beradigan boshqa elementlar miqdorini tekshirgan.
Sovish boshlangan davrga toʻgʻri keladigan qatlamlarda osmiyning izotop tarkibi oʻzgargani, osmiy va reniy miqdori esa oshgani aniqlangan. Biroq elementlarning oʻzaro nisbati meteorit moddasidan koʻra vulqon aerozollariga — otilish vaqtida atmosferaga tarqaladigan mayda zarrachalarga — koʻproq mos kelgan.
Mualliflar fikricha, topilgan kimyoviy izlarni koinotdan kelgan modda bilan emas, balki vulqon otilishi mahsulotlari bilan izohlash mantiqiyroq.
Tadqiqotchilar talqiniga koʻra, qisqa vaqt ichida sodir boʻlgan bir nechta yirik otilish Atlantika okeanidagi suv aylanishini izdan chiqarib, iqlim oʻzgarishlarini boshlab bergan boʻlishi mumkin.
«Tadqiqotimiz asosiy rolni kosmik zarba emas, vulqon faolligi oʻynaganiga doir ishonchli geokimyoviy dalillar beradi», - degan yetakchi muallif Lyusen Nana Yobo.
Kosmik zarba farazi tarafdorlari esa Grenlandiyadan olingan namunalarga tayanyapti.
Ular Kangerlussuak hududida, muz qalqoni chetidagi muz qatlamlarini oʻrgangan. Changga boy qoramtir qatlamda zarbaga xos mikrotuzilmalarga ega kvars, erib qayta qotgan shisha, mayda sharsimon zarrachalar, uglerodli zarrachalar va ayrim metallar, jumladan, platina guruhi elementlari bilan boyigan nanozarrachalar tasvirlangan.

