20 yillik loyiha: Rossiyaning yangi kosmik kemasi qachon uchadi?
«Roskosmos» yangi koʻp marta foydalaniladigan, ekipajli kosmik kemani 2026-yil kuzida parashyut yordamida sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Ilk ekipajli parvoz esa 2028 yoki 2029-yilga moʻljallangan. Biroq amerikalik kosmos sharhlovchisi Erik Berger bu muddatga hozirdan ishonishga erta deb hisoblaydi.

**20 yillik loyiha: Rossiyaning yangi kosmik kemasi qachon uchadi?**
Ars Technica nashri jurnalisti Erik Berger o‘zining yangi maqolasida «Roskosmos» rahbari Dmitriy Bakanovning Rossiyada ishlab chiqilayotgan istiqbolli kosmik kema haqidagi bayonotiga alohida e’tibor qaratgan.
Bakanovning aytishicha, 2026-yil kuzida Uzoq Sharqda kemani parashyut yordamida tashlash sinovlari o‘tkaziladi. Korporatsiya birinchi ekipajli parvozni 2028 yoki 2029-yilda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Uchirish uchun, ehtimol, «Angara-A5M» raketasidan foydalaniladi.
### Loyiha Yevropa bilan hamkorlikdan boshlangan
Qariyb yigirma yil avval Rossiya va Yevropa kosmik agentligi — ESA yangi avlod ekipajli kosmik kemasini birgalikda yaratish masalasini muhokama qila boshlagan.
O‘sha paytdagi kelishuvlarga ko‘ra, Yevropa olti nafargacha odamni tashishga mo‘ljallangan kapsula uchun xizmat modulini taqdim etishi kerak edi.
Keyinchalik esa Yevropa o‘z ekipajli kosmik kemasi ustidagi ishlarni davom ettirmaslikka qaror qilgan. «Roskosmos» esa loyihani mustaqil ravishda amalga oshirish yo‘lini tanlagan.
Loyiha shu vaqt ichida bir necha bor nomini o‘zgartirgan. Avvaliga u «Istiqbolli ekipajli transport tizimi», keyin «Yangi avlod ekipajli transport kemasi» deb atalgan. So‘ngra «Federatsiya», undan keyin esa «Orel» nomini olgan.
Bergerning yozishicha, qariyb 20 yil davom etgan ishlanmalar, ko‘plab nom almashishlar va kompyuterda yaratilgan tasvirlarga qaramay, kema yaratish jarayonida amalda qanday siljish borayotgani hanuz noaniq qolmoqda.
Bakanov e’lon qilgan parashyut sinovlari esa loyiha bo‘yicha navbatdagi amaliy qadam sifatida ko‘rsatilmoqda.
Amerikalik sharhlovchi 2028–2029-yillardagi parvoz sanasini hozirdanoq taqvimga belgilashga shoshilmaslik kerakligini ta’kidlagan.
U bundan to‘rt yil avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Orel» kemasi va Rossiyaning Oy dasturi qayta tiklanishi haqida ishonch bilan gapirganini eslatgan. Bergerning bahosiga ko‘ra, o‘shanda aytilgan rejalar hali kutilgan natijani bermagan.

