Örgimçaklarda odamnikiga öxşaş uyqu bosqiçi topildi
Biologlar örgimçaklar şunçaki qimirlamay dam olmasdan, haqiqatan ham uxlaşini tajribada tasdiqladi. Tunda bezovta qilingan örgimçaklar keyingi keça köproq uxlab, yöqotilgan uyqusini qoplagan. Ularda odamning tez uyqu bosqiçiga öxşaş - oyoqlar titraşi va közning içki tuzilmalari harakatlanişi bilan keçadigan holat ham kuzatilgan.

Örgimchaklarda odamnikiga o‘xshash uyqu bosqichi aniqlandi
PNAS jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, o‘rgimchaklar uyqusi avval o‘ylanganidan murakkabroq tuzilgan. Bonn universiteti olimlari ishtirokidagi guruh ularda bir-biridan farq qiluvchi ikki uyqu holatiga oid xulq-atvor dalillarini topdi.
Tadqiqot uchun Avstraliyaning Kvinslend shtati tropik o‘rmonlarida yashaydigan Portia fimbriata turidagi sakrovchi o‘rgimchaklar tanlangan. Ularning tana o‘lchami beshdan o‘n millimetrgacha bo‘ladi.
Bu mitti yirtqichlar asosan boshqa o‘rgimchaklarni ovlaydi. Ular o‘tkir ko‘rish qobiliyatiga ega va o‘ljasiga yetib borish uchun aylanma yo‘llarni ham tanlay oladi. Kunduzi atrofni o‘rganib, ov bilan mashg‘ul bo‘ladi, tunda esa o‘zi to‘qigan kichik to‘r ustida yoki ostida dam olishga joylashadi.
Dam olish davomida o‘rgimchakning tanasi asta-sekin osilib boradi. Og‘zi yonidagi kalta paypaslagichlari — pedipalpalari esa bir-biriga yaqinlashadi.
Bir necha yil avval sakrovchi o‘rgimchaklarning boshqa turi — Evarcha arcuatada ham odamning tez uyqu bosqichini eslatuvchi harakatlar kuzatilgan edi. REM deb ataladigan bu bosqich odamlarda ko‘zlarning tez harakatlanishi bilan tavsiflanadi.
Biroq tashqi o‘xshashlikning o‘zi o‘rgimchak uxlayotganini tasdiqlash uchun yetarli emasdi. Buning uchun jonivor dam olayotganda tashqi ta’sirlarga sekinroq javob berishini va yetishmagan uyqusini keyinchalik qoplashga intilishini ham ko‘rsatish kerak edi.
Yangi tadqiqot mualliflari shu maqsadda qator kuzatuv va tajribalar o‘tkazdi. Infraqizil kameralar o‘rgimchaklarning harakatini tunda ham yozib olish imkonini berdi.
Avvalo, olimlar yorug‘lik sharoitini o‘zgartirib, o‘rgimchaklarning faollik va dam olish tartibini tekshirdi. Ma’lum bo‘lishicha, doimiy xira yorug‘likda ham ularning sutkalik ritmi saqlanib qolgan.
Bu dam olish vaqti faqat kun va tun almashinuviga bog‘liq emasligini ko‘rsatadi. O‘rgimchaklarning faoliyatini ichki biologik soat ham boshqaradi.
O‘nta o‘rgimchakning tungi videolari batafsil tahlil qilinganda, bir-biri bilan almashib turadigan ikki holat aniqlangan.
Birinchisida o‘rgimchaklar uzoq vaqt deyarli qimirlamay turgan. Ikkinchisida esa ko‘zlarining ichki tuzilmalari, jumladan, to‘r pardalari harakatlangan, oyoqlari va tanasining boshqa qismlari titragan. Ba’zan ular oyoqlarini o‘ziga xos tarzda bukib, tanasiga yaqinlashtirgan.

