Texnologiya

Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi...

Biz yoshligimizdan bir gapni eshitib ulg‘aydik: «Ilm olish – igna bilan quduq qazish». Olimlar bilan

Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi...

Qo‘llariga maxsus qo‘lqop kiygan, himoya ko‘zoynaklari taqqan maktab o‘quvchilari ikki xil suyuqlikni aralashtirishadi va... BUM! Shu zahoti laboratoriya stolida turgan shisha idishlardan rang-barang ko‘pikli fontan otilib chiqadi. Bolalar hayrat va quvonchdan chapak chalishadi. Ekrandagi bu manzara g‘arbdagi mashhur bolalar ilmiy ko‘rsatuvlaridan biridan olingan. Go‘yo ushbu ko‘rsatuv ilm yo‘li faqat qalin kitoblar va zerikarli formulalardan iborat emas, balki harakat, kashfiyot va eng muhimi zavqdan ham tashkil topganini ko‘rsatmoqchidek.

Biz yoshligimizdan bir gapni eshitib ulg‘aydik: «Ilm olish – igna bilan quduq qazish». Olimlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ular qatnashgan ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning kirish qismi doim «olimlik igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi», degan jumla bilan boshlanardi. Ilm yo‘lini tanlagan odamlar bilan uchrashuvlarda ham olimning bu mashaqqatli va og‘ir yo‘lni qanday bosib o‘tgani shu qadar dramatik tasvirlanardiki, ichingizda ularga havas emas, balki og‘ir mehnat va azob chekkan odamga qaragandek achinish hissi uyg‘onardi. Bu ibora sabr va chidamni anglatsa-da, tan olish kerak, zamonaviy yoshlar uchun u biroz vahimali va zerikarli eshitiladi. Tasavvur qiling: qo‘lida kichkina igna bilan qattiq yerni kavlayotgan inson, chang bosgan xona, qalin ko‘zoynakli, usti-boshi tartibsiz va dunyodan uzilgan olim. Bu obraz kelajak uchun o‘zini qurbon qilgan qahramonni eslatsa-da, bugungi zamon yoshini o‘ziga tortmaydi. Bunday manzara ilm yo‘lini tanlamoqchi bo‘lgan yosh qalbda ishtiyoq emas, balki charchoq, qo‘rquv va zerikish uyg‘otishi tabiiy. Natijada, ko‘plab iqtidorli yigit-qizlar olimlikni faqatgina «umrini qurbon qilish» deb tushunib, bu yo‘ldan chekinadilar. Ular kutubxonalarda soatlab kitob titkilashdan ko‘ra, telefon ekranidagi bir necha soniyalik virtual hayotni va tez keladigan zavqni tanlashadi.

Mashaqqatning jozibador talqini...

G‘arb ta’lim tizimi va mediasida ilm-fanga og‘ir majburiyat sifatida qaralmaydi. U yerda bolalikdan boshlab «igna bilan quduq qazish» qo‘rquvi o‘rniga, atrof-muhitni tushunish va unga ta’sir o‘tkazish ishtiyoqi singdiriladi. Shuningdek, g‘arb davlatlarida ilm-fan ommabopligi (Science Communication) juda kuchli rivojlangan. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar uchun suratga olinadigan, murakkab ilmiy mavzularni sodda, hazil-mutoyiba va vizual effektlar bilan tushuntiruvchi ko‘plab dasturlar bor. Taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari yulduzli shoularda mehmon bo‘lishadi, ularning chiqishlari xuddi mashhur aktyor yoki xonandalarniki kabi millionlab marta tomosha qilinadi. Bu esa yoshlar ongida olimlikni kitoblarga ko‘milib o‘tiradigan «kutubxonachi» qiyofasidan chiqarib, uni eng nufuzli, zamonaviy va jozibali kasbga aylantiradi.

Bunday yondashuvning amaliy ko‘rinishini ta’lim maskanlarida ham ko‘rish mumkin.

Masalan, San-Fransiskodagi mashhur «Eksploratorium» kabi markazlarda «Iltimos, eksponatlarga qo‘l tekkizmang!» degan yozuvni umuman uchratmaysiz. Aksincha, u yerda har bir qurilmani ushlab ko‘rish, tugmachalarini bosish, fizika yoki kimyo qonuniyatlarini shaxsiy tajribada sinab ko‘rish talab etiladi. Bolalar koinot qonunlaridan tortib tabiat hodisalarigacha bo‘lgan jarayonlarni xuddi o‘yinchoqdek o‘ynab tushunishadi.

Shu bilan birga, «xalqchil ilm» (Citizen Science) loyihalari jamiyatning har bir a’zosini, jumladan, maktab o‘quvchilarini ham katta ilmiy jarayonlarga jalb etadi. Masalan, NASA yoki yirik universitetlar oddiy odamlarga koinot suratlaridan yangi yulduzlarni qidirish, o‘z hududlaridagi qushlar migratsiyasini kuzatish, quyosh panellari, mahalliy o‘simliklar, daraxtlar, shevaga oid kuzatuvlarini ma’lumotlar bazasiga kiritish imkonini beradi. Oddiy maktab o‘quvchisi o‘zi topgan ma’lumot orqali haqiqiy ilmiy maqolaning hammuallifiga aylanishi mumkin. Bunday amaliyotlar yoshlarga ilm faqat uzoq yillar davomida unvon olib, keyin shug‘ullanadigan kasb emas, balki bugunning o‘zidayoq jamiyatga naf keltirish va tarix yaratish vositasi ekanini isbotlaydi.

Tarixiy «Evrika!» lahzalari

...

Tarixga nazar tashlasak, eng buyuk kashfiyotlar zamirida faqat tinimsiz mehnat emas, balki o‘sha mashhur «Evrika» zavq lahzalari ham yotganini ko‘ramiz. Ko‘pchilik Arximedni faqat fizika qonunini topgan olim deb biladi. Lekin uning vannadan «Evrika!» (topdim!) deb ko‘chaga yugurib chiqqani shunchaki tarixiy hikoya emas, balki murakkab muammoning, ya’ni podshoh tojining hajmini o‘lchash va sofligini aniqlash vazifasining yechimi birdan ongga kelgan lahzadagi intellektual portlashdir. Olim shu darajada zavqqa to‘lganki, kiyimsiz ko‘chaga chiqib, hatto ijtimoiy normalarni ham unutgan. Bu olimlikning «igna bilan qazish» bosqichidan keyin keladigan, hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan zavq olish mukofoti edi.

Fizik olim Albert Eynshteyn ham ilmning lazzatini hammadan yaxshiroq his qilgan. Yigirma to‘qqiz yoshli yigitlik chog‘ida, ya’ni 1907-yilda u Berndagi patent byurosida o‘tirganida, xayoliga bir fikr keladi: «Agar inson yerga erkin tushayotgan bo‘lsa, u o‘z vaznini his qilmaydi». Keyinchalik u bu lahzani «hayotimdagi eng baxtli fikr» deb atagan. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgani — olim o‘zini azoblanayotgan ilm jonfidosi emas, balki koinot sirlarini yechayotgan «eng baxtli inson» deb his qilmoqda. Bu fikr keyinchalik mashhur «Umumiy nisbiylik nazariyasi»ga asos bo‘ldi. Eynshteyn uchun ilm dunyoning go‘zalligini mantiq orqali anglashdan olinadigan estetik zavq edi.

Agar olimlik faqat «igna bilan quduq qazish» bo‘lganida, Eynshteyn buni hayotidagi eng baxtli lahza deb atamagan bo‘lardi.

Miya uchun

« intellektual ziyofat

»

Xo‘sh, nega «Evrika!» lahzasi, yangilik yaratish, savollarga ilm orqali javob topish hissi bizga bunchalik katta quvonch bag‘ishlaydi? Buni shunchaki oddiy hissiyot deb atash mumkinmi yoki miyamizda sodir bo‘ladigan aniq biokimyoviy jarayonmi? Psixologlar va neyrobiologlar ushbu hodisani chuqur o‘rganib, juda qiziqarli ilmiy xulosalarga kelishgan.

Neyrobiologlarning aniqlashicha, inson murakkab jumboqning yechimini topgan soniyada, miyaning ichki tizimida juda katta miqdorda kuchli dopamin portlashi yuz beradi. Dopamin bu zavq, motivatsiya va qoniqish gormoni bo‘lib, keyingi paytlarda psixologlar ham ushbu moddaning ahamiyati haqida bot-bot gapirishmoqda. Dopamin faqatgina inson yangi kiyim kiyganida, sayohatga chiqqanida yoki mazali ovqat yeganida paydo bo‘lmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi bilimni o‘zlashtirish yoki kashfiyot qilish paytida miya xuddi shirinlik yegan yoki sevimli musiqasini tinglagan inson kabi rohatlanadi. Demak, olimlik inson aql-zakovati uchun berilgan eng oliy «intellektual ziyofat»dir.

Ushbu lahzaning fiziologik asosi ham juda hayratlanarli. Neyrofiziologlar «Evrika» lahzasini EEG (elektroensefalogramma) qurilmasi orqali kuzatganlarida, yechim topilishidan bir soniya oldin miyaning o‘ng yarim sharida yuqori chastotali gamma-to‘lqinlar faollashishini aniqlashgan. Miyaning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uzoq nuqtalari o‘rtasida to‘satdan bunday bog‘lanishni ko‘prikka qiyoslash mumkin. Ya’ni, «igna bilan qazilgan» va tarqoq holda yotgan ma’lumotlar zanjiri birlashib, bir soniyada yaxlit, go‘zal manzara kasb etadi.

Mutaxassislar yana ilm bilan izchil shug‘ullanishni «oqim» (Flow) holati deb ataydi. Bu noyob ruhiy holatda olim vaqt va makonni butunlay unutadi, charchoq sezilmaydi, chunki bajarilayotgan jarayonning o‘zi inson uchun asosiy maqsad va baxt manbaiga aylanadi. Bunday vaziyatda «igna bilan quduq qazish» azobli va zerikarli mehnat emas, balki yuksak mahorat ko‘rsatish imkoniyati sifatida qabul qilinadi.

***

Ilmiy izlanish ortidan keladigan «zavq» tabiatning insoniyatga bergan betakror sovg‘asi. Inson miyasi olimni izlanishga, yaratishga undash uchun har bir kashfiyotini eng shirin rohat bilan taqdirlaydi. Bu yuksak zavqni hayotida loaqal bir bor tuygan yosh olim uchun ilm-fan endi hech qachon «qo‘rqinchli va zerikarli mehnat» bo‘lib ko‘rinmaydi.

Bugungi zamon yoshlari uchun ilm shunchaki sabr va chidam maktabi bo‘lib qolmasligi kerak. Olimlik zamonaviy yoshlar uchun intellektual drayv, jasorat va dunyoni o‘zgartirish imkoniyatidir. Bo‘lajak olimlarni oldinda faqat kundalik mashaqqatlar kutmaydi. Ularni hali hech kim anglamagan haqiqatni birinchi bo‘lib ko‘rish hayajoni va o‘z miyasining cheksiz imkoniyatlarini kashf etish zavqi kutadi. Ishoning, kichik bo‘lsa-da yangilik yaratish, ilm olish — bu har bir inson hayotini umrbod bezaydigan betakror «Evrika!» lahzalaridir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.