Oyda noma’lum sivilizatsiyalarga tegishli texnologiyalar bo‘lishi mumkin — olimlar

Oyda noma’lum sivilizatsiyalarga oid texnologiyalar bo‘lishi mumkin — olimlar
Olimlar Oy yuzasida qadim zamonlarda mavjud bo‘lgan ehtimoliy begona sivilizatsiyalarga tegishli texnologik izlar saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, bunday texnologiyalarning mayda bo‘laklari yulduzlararo makonni bosib o‘tib, Oyga yetib kelgan bo‘lishi ehtimol.
Tadqiqot natijalari arxiv preprintlar serverida chop etilgan.
Olimlar ko‘p yillardan beri koinotda yerdan tashqari sivilizatsiyalarning texnologik faoliyatiga doir belgilarni izlab kelmoqda. Ammo hozirgacha bunday dalillar aniqlanmagan. Tadqiqot mualliflari bunga sabab sifatida ehtimoliy begona sivilizatsiyalar allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Shunga qaramay, ularning texnologik qoldiqlari saqlanib qolgan bo‘lishi ehtimoli bor. Olimlar ana shunday qoldiqlarni izlash uchun Oyni eng istiqbolli joylardan biri deb hisoblaydi.
Bunga Oyning o‘ziga xos sharoiti sabab bo‘ladi. Unda atmosfera ham, magnit maydon ham yo‘q, shu bois Oy yuzasi doimiy ravishda meteoritlar hamda Quyosh tizimi va uning tashqarisidan keladigan mikroskopik zarrachalar oqimi ta’sirida qoladi.
Bundan tashqari, Oyda tektonik faollik ham, suyuq suv ham mavjud emas. Shu sababli uning yuzasiga tushgan zarrachalar vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketmay, Oy changi tarkibida saqlanib qolishi mumkin.
Tadqiqotchilar aynan shu chang orasida uzoq vaqt avval yo‘q bo‘lib ketgan begona sivilizatsiyalarning texnologik faoliyatidan qolgan juda kichik bo‘laklar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Masalan, ulkan sun’iy kosmik inshootlar, jumladan, Dyson sferalari yoki begona sivilizatsiyalarga tegishli kosmik apparatlar vayron bo‘lgach, ularning qoldiqlari yulduzlararo fazoga tarqalgan bo‘lishi mumkin.
Metall yoki boshqa sun’iy materiallardan iborat mikroskopik zarrachalar aqlli sivilizatsiyalar yashagan yulduz tizimlaridan kuchli yulduz shamollari ta’sirida chiqarib yuborilgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Ular juda uzoq vaqt davomida galaktika bo‘ylab harakatlanib, oxir-oqibat Quyosh tizimiga kirgan va Oy yuzasiga tushgan bo‘lishi mumkin.
Olimlarning fikricha, agar bunday texnologik qoldiqlar haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, ularni Oy yuzasidan topish boshqa sayyoralarga qaraganda nisbatan osonroq bo‘lishi mumkin.
Biroq bu hozircha ilmiy gipoteza bo‘lib qolmoqda, Oyda begona sivilizatsiyalarga tegishli texnologiyalar topilgani haqida esa hech qanday dalil yo‘q.

