Çiptasi 850 ming dollarlik kosmoplan ilk bor namoyiş etildi
Virgin Galactic kompaniyasi kosmik sayohatlar uçun möljallangan yangi avlod kosmoplanini taqdim etdi. Apeiron deb nomlangan apparat Delta turkumining birinçi vakili bölib, kompaniya uning yordamida 2027-yilda yölovçilarni kosmosga olib çiqişni qayta boşlamoqçi.

Çiptasi 850 ming dollarlik kosmoplan ilk bor namoyish etildi
Yangi kosmoplan Spaceship Apeiron deb nomlandi. Qadimgi yunon tilidagi Apeiron so‘zi «cheksiz» yoki «chegarasiz» degan ma’noni bildiradi. Bu nom ommaviy ovoz berish orqali tanlangan bo‘lib, unda 83 mamlakatdan minglab odamlar qatnashgan.
Dastlab Virgin Galactic xodimlari kosmoplan uchun 276 ta nom taklif qilgan. Kompaniya ular orasidan to‘rttasini yakuniy bosqichga saralab olgan. Ovoz berishda Apeiron varianti Horizon - «Ufq», Explorer - «Tadqiqotchi» va Ascend - «Yuksalish» nomlarini ortda qoldirgan.
Taqdimot 28-oktabr kuni kompaniyaning Arizona shtatidagi Mesa shahrida joylashgan ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazildi. Shu kuni kosmoplan VMS Eve tashuvchi samolyotiga biriktirilgan holda Nyu-Meksiko shtatidagi «Amerika» kosmodromiga yetkazildi. Bu yer apparatning doimiy bazasiga aylanadi.
Endi muhandislar bort elektronikasi dasturiy ta’minotini sozlash va tekshirish ishlarini yakunlab, kosmoplanni parvoz sinovlariga tayyorlaydi. Sinovlar muvaffaqiyatli tugagach, tijoriy parvozlarga o‘tish rejalashtirilgan. Kompaniyaning yangilangan ma’lumotiga ko‘ra, Apeiron bilan dastlabki yo‘lovchi parvozlari 2027-yilning ikkinchi choragi boshida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Delta turkumi Virgin Galactic’ning avvalgi VSS Unity kosmoplani o‘rnini egallaydi. VSS Unity 2023-yil yozidan 2024-yil yozigacha yettita suborbital parvozni amalga oshirgan. Shundan so‘ng kompaniya mablag‘ va resurslarini yangi avlod apparatlarini yaratishga yo‘naltirish uchun uning parvozlarini to‘xtatgan edi.
Virgin Galactic yangi kosmoplanlardan ancha tez-tez foydalanishni rejalashtirmoqda. Muntazam ekspluatatsiya yo‘lga qo‘yilgach, har bir Delta apparati oyiga sakkiz martagacha parvoz qilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda ushbu turkumdagi ikkinchi kosmoplan ham qurilmoqda. Kompaniya uning tijoriy parvozlarini 2027-yil ikkinchi choragi oxiri yoki uchinchi choragi boshida boshlashni rejalashtirgan.
Yangi apparatlarning ishga tushishini yuzlab bo‘lajak kosmik sayyohlar kutmoqda. Virgin Galactic’ning AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etgan 2026-yil ikkinchi choragiga oid hisobotiga ko‘ra, avval chipta sotib olgan qariyb 675 kishi hali ham suborbital parvoz uchun navbatda turibdi.
Ularning 100 nafardan ziyodi dastlabki tayyorgarlik bosqichiga kirishmoqda. Ikkinchi Delta kosmoplani foydalanishga topshirilgach, boshqa chipta egalari ham tayyorgarlik jarayoniga jalb etilishi kutilmoqda.

