Zidan yaqin kunlarda Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanadi — Romano

Zinedin Zidan yaqin kunlarda Fransiya milliy jamoasining bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi kutilmoqda — bu haqda taniqli insayder va jurnalist Fabritsio Romano ma'lum qildi. Madridning “Real” klubining sobiq ustozi Zidan JCH-2026 musobaqasi tugagach, Fransiya terma jamoasini boshqarishni boshlaydi.
Fransiya terma jamoasi ushbu turnirdagi ishtirokini amaldagi murabbiy Didye Desham rahbarligida yakunlaydi. Desham avvalroq musobaqa tugagach, o‘z lavozimini tark etishini e'lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 yarim finalida Fransiya Ispaniyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda “uchranglilar” Argentina va Angliya o‘rtasidagi ikkinchi yarim final o‘yinida mag‘lub bo‘lgan jamoaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs 18-iyuldan 19-iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 02:00 da boshlanadi.
Didye Desham milliy jamoani 2012-yildan buyon boshqarib kelmoqda va 2018-yilda uning murabbiyligi ostida fransuzlar Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Zinedin Zidan esa avvalgi faoliyatida klub futbolida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. U 2016—2018 va 2019—2021-yillarda Madridning “Real” klubida bosh murabbiy sifatida uch marta Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan, ikki marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va boshqa bir qator xalqaro sovrinlarga ega chiqqan.

