Sport

Norvegiya milliy jamoasini mamlakatda qirollik oilasi va 90 ming muxlis kutib oldi (foto)

Norvegiya milliy jamoasi mamlakatda qirollik oilasi va 90 ming muxlis tomonidan kutib olindi (foto)

JCH-2026 musobaqasida chorak finalgacha yetib borib, o‘ziga xos tarix yaratgan Norvegiya milliy jamoasi o‘z vataniga qaytib keldi. Oslodagi Qirollik saroyida Erling Holand boshchiligidagi futbolchilarni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Norvegiya qiroli Harald, valiahd shahzoda Hokon, malika Ingrid Aleksandra va shahzoda Sverre Magnus ishtirok etdi. Valiahd shahzoda Hokon 90 mingga yaqin muxlislar bilan birgalikda turnir ramziga aylangan mashhur “Vikinglar eshkagi” xorini ijro etdi. Shuningdek, yosh malika va shahzoda futbolchilar bilan bir qatorda o‘tirib, jamoani qo‘llab-quvvatlashdi.

Foto: Yahoo Sports

Futbolchilarni saroyga taklif qilish qarori ular hali AQSHda bo‘lgan paytlarida qabul qilingan edi. Chorak finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng, bo‘yniga milliy jamoa sharfini osib olgan shahzoda Hokon kiyinish xonasiga kirib, futbolchilarga dalda bergan. Qirollik oilasining Instagram sahifasida joylashgan videoda uning shunday degani aks etgan:

“Uyga qaytganingizda, qirol sizni saroyda kutmoqda. Xafa bo‘lishga to‘la haqqingiz bor, ammo biz — qolgan barcha norveglar sizdan behad minnatdormiz va faxrlanamiz. Sizning bu harakatingiz biz uchun bebahodir”.

Foto: Interfax

Ma’lumot uchun, Norvegiya terma jamoasi 1998-yildan buyon ilk bor Jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etdi. Erling Holand jamoadoshlari guruh bosqichida 2 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Shundan so‘ng norveglar 1/16 finalda Kot-d’Ivuar, 1/8 finalda esa musobaqa favoritlaridan biri Braziliya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, o‘ziga xos sensatsiya qayd etdi. Jamoaning yorqin yurishi chorak finalda yakuniga yetdi. Ular Angliya terma jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, turnir bilan xayrlashdi.

norvegiyaerling holandqirollik oilasimuxlislarchorak finaltarixiy natijafutboljch