Texasdagi “otishma”: Ispaniya va Fransiya JCH final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi (prevyu)

Texasdagi "otishma": Ispaniya va Fransiya JCH final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi (prevyu)
AQSH, Kanada va Meksika hududlarida davom etayotgan Jahon chempionati o‘zining eng qizg‘in bosqichiga yetib keldi. Turnirning ilk yarim finalida Didye Desham boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi Luis de la Fuentening Ispaniyasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu to‘qnashuvga AQSHning Arlington shahridagi "AT&T" stadioni mezbonlik qiladi. Quyida uchrashuv oldidan jamoalarning holati, tarkiblar va murabbiylarning fikrlari bilan batafsil tanishamiz.
Fransiya
Didye Desham shogirdlari ushbu turnirda barqaror harakat qilmoqda. Guruh bosqichida Senegal va Norvegiyadan gol o‘tkazib yuborgan himoya chizig‘i pley-offga kelib o‘z darvozasiga "qulf urdi" — pley-offning ketma-ket uchta o‘yinida "uchranglilar" gol o‘tkazmadi (jumladan, chorak finalda Marokash 2:0 hisobida mag‘lub etildi).
Ayni damda Fransiyaning hujum chizig‘i istalgan raqib uchun haqiqiy bosh og‘riq. Jamoa sardori Kilian Mbappe 8 ta gol va 3 ta assist bilan to‘purarlar poygasida Lionel Messi bilan raqobatlashmoqda. Unga Usman Dembele (5 ta gol), Maykl Olise (5 ta assist) va Desire Due kabi futbolchilar yordam bermoqda. Jamoa yarim finalga hech qanday jarohatlarsiz, to‘liq va jangovar tarkibda yetib keldi.
Fransiyaning ehtimoliy tarkibi (4-2-3-1): Mayk Menyan; Jul Kunde, Dayot Upamekano, Uilyam Saliba, Luka Din; Manu Kone, Adrian Rabio; Usmon Dembele, Maykl Olise, Dezire Due, Kilian Mbappe.
Didye Desham (Fransiya bosh murabbiyi):
"Ispaniya to‘p nazoratini o‘zida ushlashni yaxshi ko‘radi. Ularning bu turnirda atigi bitta gol o‘tkazib yuborgani bejiz emas. Raqiblar jamoalar ulardan to‘pni tortib olishi juda qiyin. Biz ham o‘yinni nazorat qilishni yoqtiradigan jamoamiz. Shu sababli maydonda ikki xil uslubning qiziqarli qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Oldingi uchrashuvlar endi tarixda qoldi, bu yerda hech qanday qasos haqida gap yo‘q. Bu yarim final va bu bahsda final yo‘llanmasi tikilgan. Albatta, avvalgi ikki uchrashuvni unutganim yo‘q. Ammo hozir faqat bitta maqsad bor — finalga chiqish. Va bu yo‘llanma faqat bittagina".
Ispaniya
Luis de la Fuente qo‘l ostidagi Ispaniya bu chempionatda eng mustahkam va tartibli jamoa nomini oqlamoqda. "Qizil furiya" turnir davomida o‘tkazilgan 5 ta o‘yinda atigi 1 ta gol o‘tkazib yubordi. Chorak finalda ular Mikel Merinoning so‘nggi daqiqalardagi goli evaziga Belgiya to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Ispanlarning hujum chizig‘i ba’zan ijodkorlik borasida oqsayotgan bo‘lsa-da, kerakli pallada natija ko‘rsatmoqda. Jamoaning eng yaxshi to‘purari — Mikel Oyarzabal (4 ta gol). Yosh iqtidor egasi Lamin Yamal (hozircha 1 ta gol) o‘zidan kutilgan yorqin o‘yinni to‘liq namoyish qila olmayotgan bo‘lsa-da, raqib himoyasini doimiy bosimda ushlab turibdi. Ispaniya safida ham jiddiy yo‘qotishlar yo‘q.
Ispaniyaning ehtimoliy tarkibi (4-2-3-1): Unai Simon; Pedro Porro, Pau Kubarsi, Emerik Laport, Mark Kukurelya; Rodri, Pedri; Lamin Yamal, Dani Olmo, Aleks Baena

