Yozda e’tiborsiz qoldirish xavfli bo‘lgan alomatlar

Yozda e’tiborsiz qoldirmaslik kerak bo‘lgan xavfli alomatlar
“Lisa.ru” nashrining xabar berishicha, Qrim Muxtor Respublikasining bosh kardiologi Valeriy Sadovoy 40 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollarda tromboz va boshqa jiddiy kasalliklar xavfi yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shifokorning ogohlantirishicha, ushbu yosh toifasidagi insonlar yozgi jazirama paytida tez-tez kuzatiladigan ko‘krak qafasi va yurak sohasidagi og‘riqlar, shuningdek, nafas olishdagi qiyinchilik kabi belgilarni e’tiborsiz qoldirmasliklari lozim.
Kardiologning so‘zlariga ko‘ra, “ushbu toifadagi bemorlar ilgari bezovta qilmagan va sababsiz paydo bo‘lgan ko‘krak qafasidagi og‘riqlar, yurak sohasidagi sanchiqlar, hatto kundalik jismoniy faoliyatni bajarishda ham nafas olishdagi qiyinchilik kabi belgilarga alohida e’tibor berishlari shart”.
Bundan tashqari, shifokor yurakning notekis yoki tez urishi, doimiy bosh og‘riqlari, yuz va tananing bir qismi yoki yarmining uvishishi, uyqusizlik hamda oyoq-qo‘llarning zaiflashuvi kabi alomatlarga ham e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Agar yuqorida sanab o‘tilgan belgilar yoki ulardan biri paydo bo‘lsa va ahvol yomonlasha boshlasa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish yoki tez yordam chaqirish zarur. Chunki uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan davolanish kasallikni kuchaytirib, davolanish jarayonini kechiktirishi mumkin.

