YHQ qoidabuzarlaridan bir yilgacha bo‘lgan muddatga olib qo‘yiladigan avtomobillarni saqlash mexanizmi takomillashtiriladi
Deputatlar jarima maydonlari olib qo‘yilgan avtomobillarni oylab saqlashga tayyorligiga shubha qildi. Hozirda elektromobillar uchun sharoitlar yaratilmagan, amaldagi qoidalarga ko‘ra xarajatlarni huquqbuzarning o‘zi ko‘tarishi kerak. IIV ikkinchi o‘qishgacha bu mexanizmni takomillashtirishga va’da berdi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun avtomobillarni olti oydan bir yilgacha muddatga olib qo‘yish taklifi muhokama qilinmoqda. 4-avgust kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan muhokamada deputatlar amaldagi jarima maydonchalarining uzoq muddatli saqlashga mos emasligini va xarajatlar huquqbuzar zimmasiga tushishi mumkinligini ta’kidladilar. Ichki ishlar vazirligi (IIV) ikkinchi o‘qishgacha ushbu mexanizmni qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.
Deputat Dilmurod Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, mavjud jarima maydonchalari asosan transport vositalarini qisqa muddatli saqlashga mo‘ljallangan. Uning ta’kidlashicha, avtomobil olti oy yoki bir yilga olib qo‘yilganda, uning qishda va yozda shikastlanmasdan saqlanishini ta’minlash, shu jumladan elektromobillar uchun maxsus sharoitlarni yaratish zarur. "Agar elektromobil uzoq vaqt ishlatilmasa va harakatlanmasa, uning akkumulyatori ishdan chiqishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun moddiy-texnik imkoniyatlar yaratilganmi?" — deb so‘radi deputat.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Murodbek Sherliyev O‘zbekistonda 373 ta jarima maydonchasi faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi. Ularni tashkil etish va faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 149-sonli qarori bilan belgilangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda avtomobillar odatda bu maydonchalarda 1 kundan 10 kungacha, ba’zan bir oygacha turadi. Shu sababli, barcha to‘xtash joylari soyabonlar va yopiq xonalar bilan to‘liq jihozlanmagan.
IIVda elektromobillarni uzoq muddat saqlash uchun maxsus sharoitlar hozircha yaratilmaganini tan olishdi. Qonun qabul qilingach, idora hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritishni taklif qilishni rejalashtirmoqda, unda yopiq maydonchalar, yong‘inga qarshi uskunalar va elektromobil akkumulyatorlariga xizmat ko‘rsatishga qo‘yiladigan talablar nazarda tutiladi.
Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov vaziyatga shubha bilan qaradi: "Demak, agar biz hozir qonunni qabul qilsak, u kuchga kiradi, ammo uni qo‘llashning imkoni bo‘lmaydimi? Sud avtomobilni olti oyga vaqtincha olib qo‘yish haqida qaror chiqaradi. U jarima maydonchasiga olib kelinadi, siz esa u yerda zarur sharoitlar yo‘q demoqdasiz. Boshqa joy ham yo‘q. Demak, ertaga qonun amalda ishlamaydimi?"
Muhokama davomida, shuningdek, olib qo‘yilgan avtomobilning jarima maydonchasida bo‘lishi uchun kim — huquqbuzarning o‘zi, mahalliy hokimiyat organlari yoki davlat to‘lashi kerak degan savol ham o‘rtaga tashlandi. Spikerning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilingan bo‘lsa-da, hukumat bunday xarajatlarga rozi bo‘lmasligi mumkin, chunki bu byudjetdan mablag‘ talab qiladi. "Ya’ni, ma’muriy jazo sifatida olti oydan bir yilgacha muddatga olib qo‘yilgan avtomobillarni saqlash uchun oldindan maxsus joylarni tayyorlash kerak. Bu endi oddiy jarima maydonchasi emas", — dedi u.
YHXX rahbari amaldagi tariflar hududga qarab sutkasiga 30 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha tashkil etishini ma’lum qildi. To‘lov miqdori hududiy hokimliklar, moliya boshqarmalari va maydonchalarni boshqaradigan tadbirkorlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Bunday tarifda avtomobilni olti oy davomida saqlash taxminan 5,4−9 mln so‘mga, bir yil davomida esa 10,95−18,25 mln so‘mga tushishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi huquqbuzar bunday holda bir vaqtning o‘zida bir nechta xarajat turlarini ko‘tarishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi: jarima to‘laydi, avtomobilidan uzoq muddatga mahrum bo‘ladi va har kuni uni saqlash uchun to‘lov qiladi. "Agar avtomobilni davlat olib qo‘ysa, unda davlatning o‘zi uni saqlashni ta’minlashi kerakdir. Huquqbuzar buning uchun to‘lamasligi kerak", — dedi u.
IIV vakili amaldagi tartibga ko‘ra saqlash xarajatlari ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs zimmasiga yuklanishini tasdiqladi. "Ikkinchi o‘qishgacha biz bu masalani va tegishli mexanizmlarni ishlab chiqamiz, deputatlar va fraksiyalar bilan qo‘shimcha muhokama qilib, zarur o‘zgartirishlarni kiritamiz", — dedi u.
Deputatlar, shuningdek, vaqtincha olib qo‘yish huquqbuzarlar ijara shartnomasi, rent-a-car xizmati doirasida yoki boshqa asoslarda boshqarayotgan avtomobillarga nisbatan qo‘llaniladimi-yo‘qmi, deb so‘rashdi. IIV vakili dastlab, agar avtomobil boshqa fuqaroga yoki tadbirkorga tegishli bo‘lsa, unga nisbatan vaqtincha olib qo‘yish qo‘llanilmasligini bildirdi. Biroq muhokama davomida haydovchilar ishonchnoma bo‘yicha boshqarayotgan avtomobillar, shuningdek, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan mashinalar bo‘yicha savol tug‘ildi.
IIVda bu chora birinchi navbatda huquqbuzarning o‘ziga tegishli bo‘lgan transport vositalariga nisbatan qo‘llanilishi kerakligini tushuntirishdi. Bundan tashqari, loyihada bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan yoki sotish huquqi bilan bosh ishonchnoma (generalnaya doverennost) bo‘yicha berilgan avtomobillar nazarda tutilmoqda. Raislik qiluvchi huquqbuzarning mashinasini olib qo‘yish halol mulkdor yoki ijaraga beruvchining zarar ko‘rishiga olib kelmasligi uchun ta’rifga aniqlik kiritish zarurligini ta’kidladi.
Qonun loyihasida jamiyat uchun yuqori xavf soluvchi huquqbuzarliklar uchun transport vositasini olti oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtincha olib qo‘yish nazarda tutilmoqda. Oilaning normal hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan yagona avtomobilni olib qo‘yish taklif etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda jamiyat uchun xavfli YHQ qoidabuzarliklari uchun avtomobillarni vaqtincha olib qo‘yish, noqonuniy poygalar va tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, mashinani voyaga yetmagan shaxsga topshirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda.

