O‘zbekistonda tezlikni 80 km/soatdan oshirganlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish taklif etildi
Belgilangan tezlikni 80 km/soatdan oshirganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish va 26,8 mln so‘mgacha jarimaga tortish taklif qilindi. Qonun loyihasida, shuningdek, YHQni qo‘pol tarzda buzganlik uchun transport vositasini bir yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtincha olib qo‘yish ham nazarda tutilgan.

O‘zbekistonda tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yishni yangi ma’muriy jazo turi sifatida joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari tomonidan muhokama qilingan qonun loyihasida aytilgan, deya xabar beradi partiya matbuot xizmati.
Hujjat yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish maqsadida amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish degan yangi jazo turi kiritiladi. Bu jazo sud qaroriga asosan qoidabuzarning avtomobili yoki mototsiklini 6 oydan 1 yilgacha muddatga jarima maydonchasiga joylashtirishni nazarda tutadi.
Ushbu chora yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlarida qo‘llanilishi mumkin. Qonun loyihasida, shuningdek, transport vositasini voyaga yetmagan shaxsga boshqarishga berish, noqonuniy poygalarda ishtirok etish, tezlikni keskin oshirish va mast holatda transport vositasini boshqarish uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, belgilangan tezlik me’yoridan 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va 26,8 million so‘mgacha jarima solish taklif etilmoqda.
Agar voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishga berish og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida poygalar faqat maxsus ajratilgan hududlarda, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda sport tadbiri sifatida o‘tkazilishi belgilangan.
Partiya ushbu o‘zgarishlar yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash, inson hayoti va salomatligini himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi. Qonun loyihasi hozirda muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida IIV besh turdagi qo‘pol qoidabuzarliklar uchun avtomobillarni vaqtincha olib qo‘yishni, mast holatda haydaganlik uchun qamoq jazosini kiritishni hamda qo‘pol qoidabuzarlar uchun jarimalarni to‘lashdagi chegirmalarni bekor qilishni taklif qilgan edi. Haydovchilik huquqi bo‘lmagan "yo‘l bezorilari"ning mashinalari musodara qilinishi mumkin.
YHQning qo‘pol tarzda buzilishi bilan bog‘liq shov-shuvli holatlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lib kelmoqda. 2024-yilning oktabr oyida xonanda Jahongir Otajonov Toshkent ko‘chalarida yuqori tezlikda harakatlangani aks etgan videoni joylashtirgandi. U aholi punktidan tashqarida ruxsat etilgan 100 km/soat tezlik o‘rniga 195 km/soatgacha tezlashib, YHQni buzgan. Video tarqalgach, ichki ishlar organlari xodimlari haydovchining shaxsini aniqlab, unga nisbatan chora ko‘rgan.
2026-yilning mart oyida esa Sergeli tumanida Mercedes-Benz G-Class haydovchisi 211 km/soat tezlikda harakatlanib, miltillab yonuvchi chiroqdan foydalangan. U videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan. Haydovchi aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan, avtomobili esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

