Xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Ellikqal’a tumanida xorijga yuborishni va’da qilib uch nafar fuqarodan 2000 dollar va 4 mln so‘m olgan shaxs, Yangihayot tumanida esa bir nafar fuqarodan 500 dollar va 1,2 mln so‘m olgan shaxslar ushlandi.

Chet elda ish taklif qilib, firibgarlik qilgan shaxslar aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ellikqal’a tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida fuqaro R.S. uch nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni Dubay shahri va Moldova davlatiga ishga joylashtirishni va’da qilgan. U bu yo‘l bilan 2 000 AQSh dollari va 4 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “E.W.” MChJ rahbari B.U. va uning sheriklari fuqaro Sh.L.ning ishonchiga kirgan. Ular Sh.L.ni migratsiya agentligidagi tanishlari orqali Belarus davlatiga ishga yuborishni va’da qilib, 500 AQSh dollari va 1,2 million so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

