Xitoylik bloger mushugi uchun 30 ming o‘rindiqli va ovozli boshqaruvga ega stadion qurib berdi (video)

Xitoylik bloger o‘z mushugi uchun 30 ming o‘rindiqli va ovozli boshqaruvga ega stadion bunyod etdi.
YouTube’dagi "Xing’s World" kanali muallifi, Sin nomi bilan tanilgan bloger, uy hayvonlari uchun yaratgan yangi loyihasi – stadionni taqdim etdi. To‘rt oydan ortiq vaqt davomida qurilgan ushbu arena yulduzi Mister Nays laqabli mushuk bo‘ldi. Rolik yakunida u hatto qo‘shiq ham "ijro etdi".
Sin hayvonlar uchun noodatiy inshootlar yaratishi bilan mashhur. Masalan, ikki yil avval u jonivorlar uchun butun bir shahar, bir yil oldin esa orol va supermarket qurgan edi. 2025-yilning avgustida esa uning kanalida haqiqiy minimetro yaratilishi haqidagi videorolik e’lon qilindi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, uning videolari internet bo‘ylab jami milliarddan ortiq marotaba tomosha qilingan.
Stadion qurish g‘oyasi ikki sababga ko‘ra paydo bo‘ldi. Birinchidan, obunachilar tobora ko‘proq mushuklar uchun futbol arenasi yasashni so‘ray boshlashgan. Ikkinchidan, blogerning rafiqasi stadiondagi konsertlarga juda qiziqardi, ammo eri unga birinchi qatorga chipta topib bera olmaganidan doim shikoyat qilardi. Shunda Sin mushuklar uchun shaxsiy stadion qurishga qaror qildi.
Arena 30 mingdan ortiq miniatyur tomoshabin o‘rindig‘ini o‘z ichiga olgan bo‘lib, muallifning avvalgi ishlarida bo‘lgani kabi aqlli funksiyalar bilan jihozlangan. Masalan, stadionni Siri ovozli buyruqlari yordamida boshqarish mumkin.
Video Mister Naysning chiqishi bilan yakunlandi. Mushuk qarsaklar va nurli shou sadolari ostida sahnaga chiqib, miyovlashdan iborat qo‘shig‘ini "ijro etdi". Aslida esa mushuk shunchaki mikrofonni yalayotgan edi, qo‘shiqni esa keyinroq Sinning o‘zi yozib qo‘ygan.

