Layfstayl

Xitoyda sobiq qo‘riqchi 8-urinishda nufuzli universitet talabasi bo‘ldi

Xitoyda sobiq qo‘riqchi sakkizinchi urinishda nufuzli Sinhua universiteti magistraturasiga qabul qilindi. Uning maqsadi Garvard universitetida PhD dasturini o‘qishdir. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

31 yoshli Yang Xiao bolaligidan Sinhua universitetida o‘qishni orzu qilgan. 2013-yilda milliy kirish imtihoni – gaokaoni topshirib, Markaziy tasviriy san’at akademiyasiga o‘qishga kirgan. 2018-yilda o‘qishni tamomlagach, Shenyang shahrida san’at maktabini ochgan. Ko‘p o‘tmay, bolalikdagi orzusi va sevgilisiga bergan va’dasi tufayli Sinhua universiteti magistraturasiga hujjat topshirgan, ammo birinchi urinishida imtihondan yiqilgan.

Shunga qaramay, u sevgilisiga magistraturada o‘qishni boshlaganini aytgan, Yang keyingi yili albatta o‘qishga kirishiga ishongan. Biroq ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz tugagan. Uchinchi tayyorgarlik yili davomida Yang internet orqali tanishgan ayol bilan munosabat o‘rnatgan. Ayol kasallik va qimordagi qarzlarini bahona qilib undan muntazam pul so‘ragan. Natijada Yang 1 million yuandan (150 ming AQSH dollaridan) ortiq mablag‘idan ayrilgan.

Munosabatlar yakunlangach, u katta qarzga botgan, magistraturaga ham kira olmagan. Ota-onasi qarzini yopishga yordam bergan, san’at maktabi esa yopilgan.

Keyingi yillarda Yang magistratura imtihonidan juda oz farq bilan yiqilgan. Tirikchilik qilish uchun avval farrosh, keyin esa Sinhua kampusidagi xalqaro talabalar yotoqxonasida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan. Bir kuni begona ayol farzandiga Yangni ko‘rsatib: “Yaxshi o‘qimasang, sen ham unga o‘xshab qolasan”, degani unga turtki bergan.

Erkak kunduzi yashirincha universitet ma’ruzalarini tinglagan, kechalari esa xorijlik talabalar bilan ingliz tilini mashq qilgan. Keyinchalik u universitetning xavfsizlik guruhiga rahbar bo‘lgan. Bu unga ko‘proq maosh, yengilroq ish va o‘qishga ko‘proq vaqt ajratish imkonini bergan.

Yangning aytishicha, qo‘riqchi bo‘lib ishlash uning mehnat va odamlarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan. Kamtarona hayot kechirganiga qaramay, u bir safar ilmiy seminarda qatnashish uchun barcha jamg‘armasini aviachipta xaridiga sarflagan. Keyinchalik bu unga bir nechta ilmiy mukofotlarni qo‘lga kiritishga yordam bergan.

2026-yil iyun oyida, sakkiz yillik urinishlardan so‘ng Yang Sinhua universitetining San’at va dizayn akademiyasi magistraturasiga qabul qilindi. Magistratura odatda uch yil davom etadi. Biroq u moliyaviy sabablarga ko‘ra o‘qishni ikki yilda tamomlashni rejalashtirmoqda. Uning navbatdagi maqsadi esa Garvard universitetida nomoddiy madaniy meros yo‘nalishida to‘liq moliyalashtiriladigan PhD dasturida tahsil olishdan iborat.

Avvalroq Polshada erkak 9 yilda 139 ta urinishdan so‘ng haydovchilik imtihonidan o‘tgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, Xitoyda millioner universitetga kirish uchun 27-marta imtihon topshirib, undan yiqilgani ma’lum bo‘lgandi.

educationchinaperseveranceuniversity admissionpersonal struggleacademic achievementtsinghua universityharvard university