Xitoyga yashirincha minglab tonna uran yetkazib berilgan — tadqiqot

**Xitoyga minglab tonna uran yashirincha yetkazib berilgani aniqlandi – tadqiqot**
2000-yildan 2024-yilgacha Kongo Demokratik Respublikasidan (KDR) katta miqdorda uran eksport qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Interesting Engineering nashri xabar berdi.
Kongo DR uzoq vaqtdan beri uran qazib olish haqida hisobot bermay keladi. AQSHning Viskonsin-Medison universiteti va Prinston universiteti olimlari o‘z tadqiqotlarida mamlakat 24 yil ichida 2 000–5 000 tonna uran eksport qilganini aniqladi. Ular tabiiy uranning yillik qazib olish hajmi 55 000–65 000 tonnani tashkil etishini ta’kidladi.
Uran qazib oluvchi davlatlar materialni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga rioya etishi uchun bu haqda MAGATE (Xalqaro atom energiyasi bo‘yicha agentlik)ga xabar berishi shart.
Kongo DR dunyoda kobalt yetkazib beruvchi yetakchi davlat hisoblanadi. Bu global toza energiya manbalariga o‘tishda juda muhim komponentdir. Ushbu material elektromobillar, shuningdek, quyosh va shamol elektr stansiyalarida qo‘llaniladi.
Kobalt litiy-ionli akkumulyatorlarda hal qiluvchi rol o‘ynaydi, chunki u akkumulyatorga yuqori energiya zichligi va barqarorligini ta’minlaydigan katodni hosil qiladi. Kongo DRdagi Mis mintaqasi jahon kobalt zaxiralarining katta qismini yetkazib beradi. Biroq ushbu hududda kobalt tabiatda uran bilan birga uchraydi.
Kompaniyalar ushbu mintaqada aynan kobalt rudasini qazib olayotganda, nisbatan ko‘p miqdorda uran ham qazib oladi, chunki uran kobaltga “yopishib” olgan bo‘ladi.
“Ilgari uran qazib olingan joy yaqinida kobalt rudasini qazib olsangiz, xuddi Kongo DRda bo‘lgani kabi, unda juda ko‘p uran bo‘lishi mumkin”, dedi ushbu tadqiqotda ishtirok etgan Viskonsin-Medison universiteti va Prinston universiteti tadqiqotchisi Rayan Manzuk.
**Uran qayerga ketdi?**
Tadqiqotchilarning aytishicha, dunyodagi kobaltni qayta ishlash korxonalarining qariyb 95 foizi Xitoyda joylashgan. Ular Kongo DRdagi uranning katta qismi aynan Xitoyga jo‘natilganini ta’kidlamoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2 000–5 000 tonna uran 600 dan 1 500 tagacha yadroviy jangovar kallak ishlab chiqarish uchun yetarlidir. Tinchlik maqsadlarida foydalanilsa, bu miqdor yengil suvli reaktor uchun 25 yilgacha yonilg‘i bo‘la oladi.
“Mazkur uran deklaratsiya qilinmagan, uni qazib va ajratib olish rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagani sababli, undan yakuniy foydalanishga hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi”, dedi yadroviy xavfsizlik bo‘yicha ekspert va Viskonsin-Medison universiteti dotsenti Sebastyan Filipp.
Olimlar bu ataylab qilinmagan deb hisoblaydi. Biroq MAGATE ishtirokisiz eksport qilingan uran hajmi xavotir uyg‘otmoqda. Tadqiqotchilar taxminan 1 000 dan 4 000 tonnagacha bo‘lgan uran kon chiqindilariga aralashib ketgani, bu esa konchilar va atrofdagi aholi punktlari yashovchilari salomatligiga xavf solishini aytmoqda.

